Toshkentdagi 9-sonli IT-maktabda qanday imkoniyatlar mavjud?

Hozirgi kunda butun Respublika bo‘ylab 14 ta ixtisoslashtirilgan maktab ishga tushgan. IT-maktablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi hamda “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4851-sonli qarorini amalga oshirish maqsadida ochilmoqda.

Ushbu maktablardan biri Toshkent shahridagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan IT-maktab hisoblanadi. Ayni damda ushbu maktabda maktab o‘quvchilari uchun master-klasslar, to‘garaklar va o‘quvchilarning axborot texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga yordam beradigan boshqa tadbirlar shaklida turli xil ko‘nikmalarni egallash uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.


Joriy yilning 18-may kuni IT Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov, IT Park rezidenti “Fastago” va IT Park’ning boshqa vakillari ushbu maktabga tashrif buyurishdi. Ekspertlar o‘z tashrifi davomida maktab o‘quvchilari bilan muloqot qilishdi, o‘zlarining muvaffaqiyat tarixlari bilan bo‘lishishdi, shuningdek, IT sohasining istiqbollari haqida so‘zlab berishdi.


Bundan tashqari, maktab o‘quvchilari va mehmonlar uchun Loyiha menejmenti, kibersport, robototexnika va sport dasturlash kabi dolzarb mutaxassisliklar o‘quv xonalari bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.


To‘garaklar maktab o‘quvchilarini kundalik maktab darslaridan chalg‘itishga va, albatta, loyihalarni boshqarish, kibersport yo‘nalishi, shuningdek, sport dasturlash bo‘yicha ko‘nikmalarini  rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa o‘z o‘rnida bolalarning yoshligidan kelajakda yuqori malakali ish topish uchun zarur bo‘lgan kuchli bazaga, keng dunyoqarashga va bilimga ega bo‘lishlariga imkon yaratadi.


Ta’kidlash joizki, to‘garaklarda ishtirok etayotgan 10 ta eng faol ishtirokchi IT Park tomonidan Toshkent shahridagi Amity universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan yozgi IT-lagerda mutlaqo bepul ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Yaqin kunlarda ushbu lager haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Eslatib o‘tamiz, 2021-2022-o‘quv yilining oxiriga qadar Respublikamiz bo‘ylab 70 tadan ortiq IT-maktablarni ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2023-2024-o‘quv yilining oxiriga qadar shu kabi maktablar sonini 205 taga yetkazish, ya’ni respublikamizning har bir tumanida bittadan IT-maktab ochish ko‘zda tutilgan.



2021-05-18