Uzinfocom IT Park ko‘magida Yevropa bozoriga chiqmoqda

IT Park Uzbekistan vakillari startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov boshchiligida “Uzinfocom” delegatsiyasi bilan uchrashdi. Delegatsiyaga biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Baxtiyor Rizayev boshchilik qildi. Muzokaralar davomida tomonlar IT-autsorsing sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston IT-kompaniyalarini xalqaro bozorda ilgari surish, shuningdek, Latviyada qo‘shma eksport tadbirini tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.

UZINFOCOM — davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator. Kompaniya mamlakatning asosiy raqamli xizmatlarini, jumladan “.UZ” domenini, davlat ma’lumotlar markazlarini va my.gov.uz portalini ishlab chiqadi hamda qo‘llab-quvvatlaydi. “Uzinfocom” elektron hukumatdan tortib raqamli identifikatsiya va sog‘liqni saqlash sohalarigacha bo‘lgan 1000 dan ortiq IT-loyihani amalga oshirgan. 2025-yil bahoridan boshlab kompaniya autsorsingni faol rivojlantirmoqda. “Uzinfocom Europe” — Yevropadagi mijozlar bilan ishlaydigan va O‘zbekiston IT-xizmatlarini Yevropa Ittifoqida targ‘ib qiluvchi sho‘ba korxonasidir.

Muhokamaning asosiy mavzusi O‘zbekiston IT-kompaniyalarining eksport salohiyatini kengaytirish bo‘ldi. Xususan, tomonlar Yevropa va boshqa mintaqalardan IT-autsorsing bo‘yicha shartnomalarni jalb qilish uchun o‘zaro hamkorlikning mumkin bo‘lgan mexanizmlarini muhokama qildilar. Barqaror sheriklikni yo‘lga qo‘yish va xususiy sektor vakillarini jalb qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Yevropada tadbirlar tashkil etish va O‘zbekiston IT-kompaniyalarining eksport salohiyatini targ‘ib qilish ham e’tibor markazida bo’ldi. Tadbir “Uzinfocom” va “Uzinfocom Europe” tomonidan IT Park Uzbekistan ko‘magida o‘tkazilmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston IT-sohasining imkoniyatlarini namoyish etish va Yevropa kompaniyalari bilan biznes aloqalarini o‘rnatishdan iborat.

“Uzinfocom” va uning Yevropadagi bo‘linmasi bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun yangi istiqbollarni ochadi: O‘zbekiston IT-xizmatlarini xorijda targ‘ib qilish, investorlarni jalb qilish va raqamli yechimlar eksporti yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Uchrashuv yakunida, IT Park Uzbekistan vakillari “Uzinfocom”ning Yevropa bozoriga ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha chiqishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Birinchidan, Latviyada O‘zbekistonning AKT sohasidagi eksport salohiyatini taqdim etishga qaratilgan xalqaro tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish. Ikkinchidan, kompaniyani venchur fondlari, autsorsing kompaniyalarini o‘z ichiga olgan xalqaro hamkorlar tarmog‘iga ulash orqali samarali netvorking va uzoq muddatli biznes aloqalarini o‘rnatishga hissa qo‘shish.

2025-07-25