Xitoy texnologiyalari transferi markazi delegatsiyasining IT Park'ga tashrifi

Joriy yilning 17-iyul kuni IT Park’ga Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Xitoy texnologiyalari transferi markazi delegatsiyasi tashrif buyurdi. 

Tashrifdan koʻzlangan maqsad imzolangan Memorandum doirasida taʼlim va IT va BPO xizmatlarini Oʻzbekistondan Xitoyga eksport qilishni qoʻllab-quvvatlash sohalarida hamkorlikning batafsil rejalari va qadamlarini muhokama qilishdan iborat.

Delegatsiya tarkibida Markaz direktori oʻrinbosari Liu Xonji, Xalqaro aloqalar va hamkorlik departamenti direktori Xu Lili, Xalqaro aloqalar va hamkorlik departamenti direktori oʻrinbosari va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik boʻyicha kurator Abay Saxanov, “Consult Invest ITIC”  Xalqaro savdo va investitsiya kompaniyasi  rahbari Denis Kim va markazning boshqa vakillari ishtirok etdilar.

Mehmonlarni IT Park bosh direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Radjabov, Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Mirjalilova, Startap ekotizimlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Kagirov, IT Park universiteti talabalar bilan aloqalar bo‘yicha koordinatori Shohruh Umarov va IT Park’ning xalqaro hamkorlik bo‘yicha menejeri Umida Odilovalar kutib oldi.

IT Park vakillari tashkilotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdilar hamda O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyotda IT-sohasini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanayotgan tashabbuslar haqida so‘zlab berishdi. Taqdimot chog‘ida inson kapitali va Markaziy Osiyo mintaqasining salohiyati bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning turli yo‘nalishlarini muhokama qildilar, ikki mamlakat kompaniyalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, IT va BPO xizmatlari eksportini kengaytirish boʻyicha kelishib oldilar. Xitoylik hamkasblar IT Park universiteti bilan hamkorlikka yuqori qiziqish bildirdi.

Markaz direktori o‘rinbosari Lyu Xonji so‘nggi yillarda O‘zbekistonda IT sohasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi. Tomonlar xalqaro loyihalar rejalarini muhokama qildilar va O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarga qiziqish bildirdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha vakillar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi IT va BPO sohasida aniq loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: ShHTga a’zo davlatlarning Xitoy texnologiyalari transferi markazi ShHT Kotibiyati, XXR Fan va texnologiyalar vazirligi va XXR Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida yaratilgan ko‘p tomonlama hamkorlikning rasmiy platformasi hisoblanadi. Markaz 2020-yil 10-dekabrda ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida fan va texnologiya, madaniyat, iqtisodiyot va savdo sohalarida xalqaro hamkorlik kanallarini kengaytirish uchun yuqori darajadagi platforma sifatida rasman ochilgan. Ushbu markazni yaratish uchun 100 million yuandan (15 million AQSh dollari) ortiq sarmoya kiritildi.

2023-07-19