Xitoyga tashrif yakunlari: Markaziy Osiyo mintaqasi startaplari uchun yangi imkoniyatlar

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya Shanxayga tashrifini yakunladi. U yerda delegatsiya sun’iy intellekt bo‘yicha jahon konferensiyasida (WAIC) ishtirok etdi, shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan uchrashib, startap ekotizimini rivojlantirish, venchur investitsiyalari va hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Tashrif doirasida “Khan Tengri Innovation Hub” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalari ishtirokida o‘tkazildi. Markazning ishga tushirilishi mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyo startaplariga Xitoy bozoriga chiqish imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi navbatdagi bir qadam bo‘ldi.

Khan Tengri Innovation Hub ochilishi

Tashrifning birinchi kunida IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov qutlov so‘zi bilan chiqish qildi va Xitoy texnologiya sanoatining 100 dan ortiq vakili ishtirok etgan “Khan-Tengri Innovation Hub” ochilish marosimida qatnashdi. Marosimda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev hamda “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev ham so‘zga chiqdi.

Abdulaxad Kuchkarov O‘zbekistonda IT sohasi va startap ekotizimining jadal rivojlanayotganini hamda xalqaro hamkorlikka ochiqligini ta’kidladi.

Konferensiyada IT Parkning O‘zbekiston innovatsion ekotizimini shakllantirishdagi o‘rni, startaplar va xalqaro texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar mintaqaning asosiy raqamli tadbirlaridan biri — “ICT WEEK Uzbekistan”ga taklif qilindi.

Khan Tengri Innovation Hub — Markaziy Osiyo startaplarini Xitoy bozoriga kirishda qo‘llab-quvvatlash va mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun yaratilgan xalqaro platforma. Loyiha IT Park Uzbekistan, “Astana Hub” va “XNode” ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Ochilish marosimi doirasida hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyo startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan to‘rt tomonlama memorandumlar imzolandi.

IT Park Uzbekistan, “Astana Hub”, “Growth Vision Pro” va “XNode” o‘rtasida Markaziy Osiyo mintaqasi startaplarini Xitoy bozoriga chiqishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Xususan, “XNode” akseleratsiya dasturini tashkil etadi, mintaqaviy startaplar uchun hamkorlikda ishlash va yashash joylarini taqdim etadi, shuningdek, ularni Xitoy bozorida ilgari surishda yordam beradi.

IT Park Uzbekistan, “Astana Hub”, “Growth Vision Pro” va “S-Trone” Markaziy Osiyo mintaqaviy startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

IT Park Uzbekistan, “Astana Hub”, “Growth Vision Pro” va “National Eastern Tech-Transfer Center” o‘rtasida Markaziy Osiyo startap ekotizimini birgalikda rivojlantirish, “softlanding” tashabbuslarini ishga tushirish va startaplarni bozorlarga o‘zaro integratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma seminarlar o‘tkazish haqida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi.

Panel muhokamasi: o‘zgarishlar dunyosida moslashuvchan ekotizimlar

Abdulaxad Kuchkarov “Beyond Boundaries: Building Agile Tech Ecosystems in a Shifting World” mavzusidagi panel sessiyasida so‘zga chiqdi. U IT Parkning startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va xorijiy texnologiya markazlari bilan aloqalarni mustahkamlash borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Sessiyaga “XNode” bosh direktori va asoschisi Vey Chjou moderatorlik qildi. Muhokamada “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev, “Sinnobator” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Jia Ren, “Qazaqstan Venture Group” bosh direktori Asqar Belisbekov, “MOST” xoldingi bosh direktori Pavel Koktishev ham ishtirok etdi.

Bundan tashqari, “IT Park Ventures” direktori o‘rinbosari Daler NodirovCapital Strategy for Innovation Leadership: The Cross-Border Investment Lens” mavzusidagi panel muhokamasida qatnashdi. U investitsiyalarni jalb qilishning asosiy strategiyalari haqida so‘zlab, “IT Park Ventures”ning xalqaro venchur fondlari bilan ishlash tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va O‘zbekiston innovatsion ekotizimini rivojlantirish uchun global hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.

U bilan birga muhokamada quyidagilar ishtirok etdi:

  • Kliff Chau“ewPartners PE Fund” boshqaruvchi hamkori (panel moderatori),
  • Xu Tianmen“Chengwei Capital Evergreen Fund” hamkori,
  • Marat Tolebay“Activat VC” asoschisi va bosh direktori,
  • Nik Ni“Cyber Creation Ventures” hamkori,
  • Xerst Xvang, Ph.D., CFA, FRM — “Gobi Partners” investitsiya direktori.

“Khan Tengri Innovation Hub” ochilish marosimining yakuniy qismi Markaziy Osiyo startaplarining taqdimot sessiyasi bo‘ldi. Unda yosh jamoalar o‘zlarining IT-mahsulotlari va texnologik yechimlarini potensial investorlar, hamkorlar va venchur kapital sanoati vakillariga taqdim etdilar. “TASS Vision”, “Finarum”, “RealSoft”, “DriveLens AI”, “Arlan BioTech”, “Shay”, “Codiplay” va “Grand Mobile” startaplari yuqori darajadagi tayyorgarlikni, yechimlarni kengaytirishga e’tiborni va xalqaro bozorlarga chiqishga intilishni namoyish etdilar.

Taqdimotda quyidagilar ishtirok etdi:

  • Denniel Shi“23Seed VC Fund” hamkori,
  • Din Li“Hygoal Capital – VC Grou” boshqaruvchi hamkori,
  • Yerbol KapishevJas Ventures” bosh direktori,
  • Nik Ponomarev“Orbit Startups” investitsiya tahlilchisi,
  • Nazerke Kalidolda“Sturgeon Capital” investitsiya tahlilchisi.

Ikki tomonlama uchrashuvlar: hamkorlikni mustahkamlash

Khan Tengri Innovation Hub” ochilishi doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish, bilimlar almashinuvi va innovatsion klasterlar barpo etish bilan shug‘ullanuvchi Xitoy va xalqaro tashkilotlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Qo‘shma dasturlar, investitsiyaviy hamkorlik va startaplarning Xitoy hamda Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari muhokama etildi.

“XNode” bosh direktori Vey Chjou bilan uchrashuvda tomonlar “Khan Tengri Innovation Hub” doirasidagi hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. “XNode” bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan Markaziy Osiyo startaplari uchun akseleratsiya dasturini ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston jamoalari ishtirokida alohida akseleratsiya yo‘nalishlarini o‘tkazish, shuningdek, Shanxay va mintaqa mamlakatlari ekotizimlari o‘rtasida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonning Xitoy tomonida katta qiziqish uyg‘otgan ma’lumotlarni belgilash sohasidagi salohiyatini ko‘rib chiqdilar.

XNode — startaplarni rivojlantirish, xalqaro kengayish va korporativ innovatsion dasturlarni shakllantirishga ixtisoslashgan Xitoyning yetakchi xususiy akseleratorlaridan biri. Kompaniya global texnoparklar bilan faol hamkorlik qiladi va xorijiy startaplarga Xitoy bozoriga kirishga ko‘maklashadi.

Shanxay texnologik innovatsiyalar markazi (STIC) vakillari, jumladan, bosh direktor Selin Xuang va Osiyo biznes-inkubatsiya uyushmasi vakili Ding Lu bilan uchrashuv doirasida texnologiyalar transferi sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlari, startaplar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlari, shuningdek, ikki tomonlama tashriflar va tajriba almashish platformalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Xitoy ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori salohiyatini ta’kidlab, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

“Shanghai Technology Innovation Center” (STIC) Shanxaydagi innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, texnologiyalar transferi va startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘lgan yetakchi davlat tuzilmalaridan biri. Markaz texnoparklar va akseleratorlar bilan faol hamkorlik qiladi, shuningdek, innovatsiyalar sohasidagi xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Sinnobator” vakili Sanni Cheng bilan uchrashuvda kompaniyaning startaplarni qo‘llab-quvvatlash, transchegaraviy hamkorlik va innovatsion klasterlarni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslari muhokama qilindi. Sanni Cheng O‘zbekistondagi loyihalarga qiziqish bildirdi va hamkorlik formatlarini, jumladan, qo‘shma akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqishni davom ettirishni taklif qildi.

Sinnobator — startap ekotizimlarini rivojlantirish, xalqaro akseleratsiya va texnologik loyihalarni sarmoyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Xitoyning innovatsion kompaniyasi. Kompaniya xorijiy texnoparklar bilan faol hamkorlik qilmoqda va transchegaraviy hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlarni izlamoqda.

Shanxaydagi Milliy sharqiy texnik transfer markazi (NETTC) vakili Miya Shen bilan uchrashuv doirasida o‘zbek startaplarini Xitoyning R&D platformalariga jalb qilish, qo‘shma tadbirlar, hakatonlar va biznes-missiyalarni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar Markaziy Osiyo bozoriga kirishga qiziqish bildirgan Xitoy jamoalari uchun onlayn seminarlarni o‘tkazishni muhokama qildilar va “NETTC” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

National Eastern Tech-Transfer Center of Shanghai (NETTC) — texnologiyalar transferi, amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikka ixtisoslashgan davlat tashkiloti. Markaz ilmiy muassasalar, startaplar va sanoat hamkorlari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi.

Shu kuni IT Park Uzbekistan vakili “Adaspace China” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya ma’lumotlarni belgilash vazifalarini O‘zbekistonga o‘tkazishga qiziqish bildirdi va aerokosmik sohada yanada kengroq hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Muzokaralar dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, tomonlar sheriklikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va kelgusi oylar uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Adaspace China — Xitoyning aerokosmik texnologiyalar sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarish, sun’iy yo‘ldosh platformalarini yaratish va tijorat sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini taqdim etishga ixtisoslashgan. Kompaniya Yerni masofadan zondlash ekotizimini faol rivojlantirmoqda, jumladan, agrotexnologiyalar, shahar rejalashtirish va xavfsizlik kabi sohalarda sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanmoqda. Innovatsiyalarga e’tibori va yuqori texnik tajribasi orqali “Adaspace” xalqaro hamkorlikni global bozorlarda o‘z ishtirokini kengaytirish uchun strategik yo‘nalish sifatida baholamoqda.

Tashrif doirasida ma’lumotlarni izohlash sohasidagi ikkita yirik xalqaro o‘yinchi — “TransPerfect” tarkibiga kiruvchi “DataForce” va “Appen” kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Ikkala kompaniya ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi, ayniqsa, ma’lumotlarni belgilash sohasidagi o‘sib borayotgan salohiyatni hisobga olgan holda. Kompaniya vakillarida kadrlar salohiyati, IT Parkning qo‘llab-quvvatlovchi ekotizimi va O‘zbekiston taqdim etishi mumkin bo‘lgan afzalliklar katta taassurot qoldirdi. Ushbu dastlabki uchrashuvlar istiqbolli loyihalar va uzoq muddatli hamkorlik formatlarini yanada batafsil muhokama qilish uchun asos yaratdi. 

TransPerfect” dunyodagi eng yirik til xizmatlari va texnologiyalari sohasidagi xususiy kompaniya bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq ofisga ega. 1992-yilda tashkil etilgan kompaniya o‘zining “DataForce” bo‘limi orqali mahalliylashtirish, tarjima, kontentni boshqarish, shuningdek, sun’iy intellekt xizmatlari, jumladan, ma’lumotlarni izohlash bo‘yicha keng qamrovli yechimlarni taklif etadi. “TransPerfect” mijozlari orasida yuqori texnologiyalar, farmatsevtika, moliya, elektron tijorat va davlat sektoridagi yetakchi kompaniyalar bor. Kompaniya o‘z tajribasi va ko‘lami tufayli butun dunyo bo‘ylab sun’iy intellekt tizimlarining sifati va kengayishini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Appen — sun’iy intellekt va mashinali o‘rganish tizimlari uchun ma’lumotlarni yaratish va izohlash bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri. 1996-yilda Avstraliyada tashkil etilgan kompaniya global texnologiya kompaniyalari uchun yuqori sifatdagi ko‘p tilli va formatli ma’lumotlar to‘plamlarini tayyorlash bo‘yicha 25 yildan ortiq tajribaga ega. “Appen” butun dunyo bo‘ylab bir milliondan ortiq frilanserlardan iborat taqsimlangan tarmoq bilan faoliyat yuritadi hamda 235 dan ortiq til va shevalarni qamrab oladi.

O‘zbekiston global AI-forum kun tartibida

Bundan tashqari, Abdulaxad Kuchkarov “Emerging Markets and Developing Countries Forum on Bridging the AI Divide” forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistonning xalqaro IT-hab sifatida rivojlanish strategiyasi va Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish haqida ma’lumot berdi. Tadbirda Xitoy, Malayziya, Singapur va boshqa mamlakatlardan davlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, u “Central Asian Innovation Hubs” stendiga tashrif buyurib, “WAIC” konferensiyasida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik startaplar: “TASS Vision”, “Finarum”, “RealSoft”, “DriveLens AI”, “Arlan BioTech”, “Shai”, “Codiplay”, “Grand Mobile” vakillari bilan uchrashdi.

Xanchjouga tashrif

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” delegatsiyasi Xanchjoudagi to‘rtta yetakchi texnologik markazga tashrif buyurdi.

Ularning birinchisi biotexnologiya va raqamli tibbiyot sohasidagi innovatsion klaster — “Chuanhua Science & Technology City” bo‘ldi. Mehmonlarga tadqiqotdan boshlab tijoratlashtirishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qo‘llab-quvvatlovchi laboratoriyalar va platformalar namoyish etildi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar o‘zining robot-itlari va odamsimon robotlari bilan mashhur bo‘lgan “Unitree Robotics” kompaniyasiga tashrif buyurishdi. Vakillar sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar va robototexnikani amaliy vazifalarda qo‘llash haqida ma’lumot berishdi.

Delegatsiya “Dahua Technology” kompaniyasida butun dunyo bo‘ylab qo‘llaniladigan videokuzatuv va xavfsizlik tizimlari yechimlari bilan tanishdi. “Dahua” kompaniyasi O‘zbekistonda mavjud sho‘ba korxonasi orqali faoliyat yuritmoqda. Kompaniya ma’lumotlarni belgilash xizmatlarini qo‘shgan holda O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish istagini bildirdi.

Hozirgi vaqtda ular IT Park rezidenti maqomini olish va ma’lumotlarni izohlash bo‘yicha ixtisoslashgan ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Mazkur tashabbus doirasida “Dahua” vakillari 2025-yil avgust oyida IT Park jamoasi bilan uchrashish hamda operatsion va tartibga solish muhitini chuqurroq baholash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Tashrif “Alibaba Cloud International” kompaniyasiga tashrif bilan yakunlandi. Unda bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt, shuningdek, “Alibaba” global infratuzilmasi orqali o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, ma’lumotlar bilan bog‘liq xizmatlar bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Xitoyga qilingan tashrif IT Park Uzbekistan’ning xalqaro aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Yetakchi texnologiya markazlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, “Khan Tengri Innovation Hub”ning ishga tushirilishi va “World Artificial Intelligence Conference Shanghai” tadbirida ishtirok etish O‘zbekiston startaplari va IT-kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Erishilgan kelishuvlar qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, o‘zbek startaplarini xalqaro bozorlarga olib chiqish, investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or tajribani o‘zlashtirishga yordam beradi. Bularning barchasi mamlakatimiz IT-ekotizimining taraqqiyoti va uning global texnologik xaritadagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2025-08-01