“XSolla” Oʻzbekistonda birinchi Oʻyin yaratish akademiyasini tashkil etish rejasini taqdim etdi

“Global Business Services Forum” doirasida Amerikaning “XSolla” videooʻyin kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda Oʻyin ishlab chiqish akademiyasini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilish boʻldi.

“XSolla” — Amerika kompaniyasi boʻlib, u oʻyin kompaniyalariga oʻz loyihalarini ishlab chiqish, ilgari surish, monetizatsiya qilish va moliyalashtirishda koʻmaklashadi. Kompaniya 2005-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda 490 nafardan ortiq ishchi-xodimga ega va yillik daromadi 100 million dollardan ziyodni tashkil etadi.

Uchrashuv davomida “XSolla” kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda Gamedev akademiyasini tashkil etish rejasini namoyish etishdi. Koʻnikmalarni rivojlantirish, ish oʻrinlarini yaratish va oʻyin sanoatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi. Videooʻyin dasturchisi — bu butun dunyoda talab yuqori boʻlgan kasb boʻlib, Oʻzbekiston uchun muhim afzalliklarni taqdim etadi. Mamlakatda koʻplab istiqbolli dasturchilar mavjud va akademiya ularga yuqori sifatli taʼlim olish va xalqaro kompaniyalarga ishga joylashish imkoniyatini taqdim etadi.

Uchrashuv loyihani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mahalliy kompaniya va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilish bilan davom etdi. IT Park Uzbekistan kompaniyaga loyihani amalga oshirishda barcha zarur yordamni, jumladan, IT Park rezidentlari bilan shartnomalar tuzishda, optimal joylashuvni topishda va kompaniyani Oʻzbekistonda qonuniy rasmiylashtirishda yordam koʻrsatishni maqsad qilgan. Shuningdek, IT Park “XSolla” kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda yirik oʻyin studiyalarini jalb qilgan holda barcha talabalarni oʻqitish va ishga joylashtirishni koʻzda tutuvchi toʻlaqonli Gamedev ekotizimini yaratish niyatida.

Akademiya oʻyinlarni ishlab chiqish sohasida Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi mavqeyini oshirishdagi muhim qadam boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek, bu Oʻzbekiston IT-mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro oʻyin kompaniyalarida oʻqish va ishlash imkonini beradi. Akademiya bitiruvchilari mahalliy bozorga yangi gʻoyalar va innovatsion yechimlarni olib kelib, Oʻzbekiston oʻyin sanoatining sezilarli oʻsishi va rivojlanishiga hissa qoʻsha oladilar. Ular olgan bilim va koʻnikmalari tufayli xalqaro investitsiyalarni jalb qilib, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshgan holda raqobatbardosh mahsulotlar yaratishi mumkin.

2024-07-29