Yaponiyaning MSOL kompaniyasi O‘zbekistonda ofis ochishni rejalashtirmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo MuksinovaMSOL Digital” rahbari Kosey Sakamoto bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda faoliyat yuritish va O‘zbekiston orqali MDH bozoriga yanada kengayish istiqbollarini muhokama qildilar.

MSOL Digital — Yaponiyaning “Management Solutions” (MSOL) konsalting guruhi tarkibidagi sho‘ba korxona bo‘lib, 2022-yilda Tokioda tashkil etilgan. Kompaniya raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt yechimlari, jumladan, generativ sun’iy intellekt, shuningdek, “Azure”, “Power Platform” va “Copilot Studio” kabi “Microsoft” bulutli texnologiyalariga ixtisoslashgan. “MSOL Digital” “MSOL” guruhining texnologik bo‘linmasi bo‘lib, loyihalarni boshqarish (PMO), biznes tahlili va raqamli strategiyalar bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi. Guruhda 2000 ga yaqin xodim faoliyat yuritadi, yillik daromadi 203 million dollarni tashkil etadi.

Uchrashuv davomida tomonlar IT-mutaxassislarni jalb qilish sohasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. “MSOL Digital” vakillari sun’iy intellekt, “Microsoft” asosidagi yechimlar va o‘yin ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda o‘zbekistonlik iste’dodlarga qiziqish bildirdilar.

Mahliyo Muksinova O‘zbekistonda kuchli texnik tayyorgarlikka ega bo‘lgan hamda yapon va ingliz tillari kabi xorijiy tillarni biladigan iqtidorli IT-mutaxassislar soni tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ta’kidladi. IT Park Uzbekistan MDH bozorida rivojlanishdan manfaatdor bo‘lgan xalqaro texnologik kompaniyalar uchun qulay ekotizimni shakllantirishda davom etmoqda.

“MSOL Digital” bilan hamkorlik O‘zbekistonning sun’iy intellekt, bulutli yechimlar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohalarida raqamli loyihalarni amalga oshirish uchun strategik maydon sifatidagi jozibadorligini yana bir bor tasdiqlaydi. IT Park innovatsion kompaniyalarning jahon miqyosiga chiqishiga ko‘maklashish orqali har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

2025-07-25