IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Yevropaga ish tashrifini yakunladi. Tashrif davomida Sloveniya, Polsha va Vengriyada texnologik kompaniyalar va sanoat tashkilotlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, shuningdek, Varshavada “Uzbekistan: A Digital Step Towards the Future” hamda Budapesht shahrida “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirlari tashkil etildi. Ushbu safar Yevropa IT-ekotizimi bilan hamkorlikni mustahkamlash va autsorsing, qo‘shma loyihalar hamda tajriba almashish bo‘yicha imkoniyatlarni kengaytirish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Sloveniyadagi uchrashuvlar
Lyublyanada IT Park delegatsiyasi mamlakat texnologiya sohasining yetakchi vakillari bilan oltita uchrashuv o‘tkazdi.
“Adacta” bilan bo‘lgan uchrashuvda kompaniyaning muhandis kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji va O‘zbekistonga autsorsing imkoniyatlari muhokama qilindi. Delegatsiya soliq imtiyozlari, kadrlar salohiyati va IT Park rezidentlik modelini taqdim etdi. “Adacta” vakillari hamkorlikka katta qiziqish bildirdi va O‘zbekistonlik jamoalar bilan pilot loyihalarni ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Adacta — 1989-yilda tashkil etilgan Sloveniyadagi texnologik kompaniya bo‘lib, sug‘urta va moliya sektori uchun raqamli yechimlar yaratishga ixtisoslashgan.
“Spyrosoft” kompaniyasi bilan uchrashuvda Yevropada IT-xizmatlar narxining ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyat muhokama etildi. Kompaniya raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun xalqaro bozorlarda o‘rnatma tizimlar bo‘yicha mutaxassislarni faol izlayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistondagi jamoalar yordamida ishlanmalarni kengaytirish istiqbollari va mamlakatda ofis ochish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Spyrosoft — bosh qarorgohi Polshada joylashgan, o‘rnatma muhandislik, avtomobil sanoati, bulutli texnologiyalar va korxona dasturlari ishlab chiqish sohalarida faoliyat yurituvchi xalqaro IT-kompaniya hisoblanadi.
“Be-Terna” bilan uchrashuv mutaxassislar narxi, kadrlarning mintaqaviy mavjudligi va O‘zbekistonda faoliyatni boshlash muddatlari masalalariga qaratildi. Kompaniya IT Park sharoitlarining jozibadorligini ta’kidlab, hamkorlik imkoniyatlarini batafsil tahlil qilishga tayyorligini bildirdi.
Be-Terna — “Telefónica Tech” guruhiga kiruvchi, 1000 dan ortiq xodimga ega bo‘lgan yirik Yevropa integratori hisoblanadi. Kompaniya ERP, CRM va raqamli transformatsiya sohalarida faoliyat yuritadi.

“Technology Park Ljubljana” rahbariyati bilan muzokaralar IT Park Uzbekistan’ni Sloveniya kompaniyalari orasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bilan yakunlandi. Texnopark tadbirlar va ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etish hamda mahalliy ekotizim bilan aloqalar o‘rnatishda ko‘maklashishga rozilik bildirdi.
Technology Park Ljubljana — yuzlab kompaniyalar va startaplarni birlashtiruvchi, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi va texnologik biznesni rivojlantirish uchun platforma taqdim etuvchi Sloveniyadagi eng yirik texnologiya markazi hisoblanadi.

“Better” kompaniyasi O‘zbekistondagi autstaffing va ofshoring imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Jamoalarni jalb qilish shartlari, mutaxassislarning til ko‘nikmalari va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Kompaniya O‘zbekistonni ishlab chiqarishni kengaytirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Better — sog‘liqni saqlash sohasidagi raqamli yechimlar, jumladan elektron tibbiy yozuvlar va klinik platformalarga ixtisoslashgan Sloveniya kompaniyasi.
O‘zbekiston bozorida 20 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan “Kontron” bilan uchrashuvda kompaniya vakillari mahalliy bozordagi tajribalari haqida so‘zlab berishdi. Uchrashuv davomida IT Park delegatsiyasi O‘zbekistondan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalar uchun davlat tomonidan beriladigan soliq imtiyozlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
“Kontron” bilan uchrashuv asosan keng ko‘lamli autsorsing modellari va o‘zbekistonlik muhandislarni jalb etish imkoniyatlariga qaratildi. Kompaniya vakillari jamoalar narxini baholash va keyinchalik uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdilar.

Kontron — bosh qarorgohi Avstriyada joylashgan, yillik aylanmasi 1,6 milliard yevrodan ortiq va 7000 nafardan ziyod xodimga ega xalqaro kompaniya. Kompaniya sanoat IoT, avtomatlashtirish, transport, aloqa, mudofaa va aqlli energetika uchun apparat-dasturiy yechimlarni ishlab chiqadi hamda turli xalqaro bozorlarda faoliyat yuritadi.
Polshadagi uchrashuvlar va tadbirlar
Varshavadagi ish dasturi B2B-uchrashuvlari va vatandoshlar uchun “Uzbekistan: A Digital Step Towards the Future” nomli tadbirni o‘z ichiga oldi.
Birinchi uchrashuv “La French Tech Warsaw” bilan o‘tkazildi. Muzokaralar qo‘shma tadbirlar, akseleratsiya dasturlari va fransuz tadbirkorlik hamjamiyatini O‘zbekiston loyihalariga jalb etish imkoniyatlariga bag‘ishlandi. Tashkilot IT Park tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga va mintaqada offshoring sohasini rivojlantirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

La French Tech Warsaw — Polshada faoliyat yuritayotgan fransuz asoschilari, investorlar va texnologiya kompaniyalarini birlashtirgan “French Tech” global hamjamiyatining bir qismi hisoblanadi.

Tashrif yakunida delegatsiya Varshava Biznes va amaliy fanlar universiteti hamda O‘zbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan “Uzbekistan: A Digital Step Towards the Future” tadbirida qatnashdi. Dastur doirasida IT Park, uning imkoniyatlari va rezidentlar uchun imtiyozlar tizimi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari panel muhokamasi shaklida ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.
Vengriyaga tashrif va Uzbekistan Outsourcing Conference o‘tkazilishi
Budapeshtda delegatsiya “Graphisoft” va “Shiwaforce” kompaniyalari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Graphisoft” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirib, ularning xalqaro o‘sish modeli mahalliy hamkorlar bilan hamkorlikka asoslanganini ta’kidladi. Kompaniya O‘zbekiston IT-bozori ishtirokchilari bilan muzokaralarni davom ettirish va hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish niyatini bildirdi.

Graphisoft — arxitekturaviy dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, “ArchiCAD” dasturining yaratuvchisi hisoblanadi. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab professional byurolar va arxitektura firmalariga xizmat ko‘rsatadi.
Markaziy Yevropaning eng yirik moliyaviy guruhi — “OTP Group” tarkibiga kiruvchi “Shiwaforce” O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ushbu kichik dasturchilar kompaniyasi bank sohasiga sun’iy intellektni joriy etish dasturlarini yaratmoqda. Kompaniya vakillari IT Park’ga a’zo bo‘lish va rezident maqomini olishga qiziqish bildirdilar.

Shiwaforce — OTP guruhining texnologik kompaniyasi bo‘lib, Markaziy Yevropadagi banklar va fintech kompaniyalariga IT-yechimlarni taqdim etadi.
Tashrif davomidagi Vengriya qismining asosiy voqeasi “4iG” guruhi va O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” bo‘ldi. Tadbirda 55 ta kompaniyaning 75 nafar vakillari qatnashdi. Ular orasida “TeleDirect BPO”, “Nagarro”, “IDBC Group”, “RED Recruitment”, “Microsoft Hungary” va “Shiwaforce” kompaniyalari bor edi. Konferensiya IT Park’ning muvaffaqiyatli tajribalarini namoyish etish uchun platforma vazifasini o‘tdi.

Xususan, “OSIRIS” bosh direktori Benjamin Deniasar kompaniyaning O‘zbekistonda dasturiy ishlanmalarni joylashtirishdagi ijobiy tajribasi haqida so‘zladi. “Uzinfocom” ijrochi direktori Viktoriya Kuznetsova esa raqamli transformatsiyaning yirik loyihalari misolida O‘zbekistonning imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Budapeshtda o‘tkazilgan UOC Vengriya tadbirkorlari va O‘zbekiston IT-sohasi vakillari o‘rtasida ochiq muloqot uchun qulay sharoit yaratdi. Tadbir mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi: o‘ndan ortiq kompaniya IT Park orqali O‘zbekiston bozorini o‘rganish va hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.

IT Park Uzbekistan’ning Yevropaga amaliy safari Sloveniya, Polsha va Vengriya kompaniyalarining axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikka jiddiy qiziqish bildirganini ko‘rsatdi. Texnologik kompaniyalar bilan uchrashuvlar, sohaga oid tadbirlarda ishtirok etish va “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirini o‘tkazish ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlab, O‘zbekistonning Yevropadagi raqobatbardosh IT-yo‘nalish sifatidagi o‘rni tobora kuchayib borayotganini tasdiqladi. Erishilgan kelishuvlarning yaqin oylar ichida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va mamlakatning IT-ekotizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlovchi amaliy qadamlarga aylanishi kutilmoqda.
2025-11-20