“Yoqmagan narsani sanab o‘tish osonroq” —iTechArt dasturchisi Vladislav N. O‘zbekistondagi hayoti haqida

IT Park O‘zbekistonga ishlash uchun ko‘chib kelgan IT-mutaxassislar haqida hikoya qilishda davom etmoqda. Ruknimizning bu galgi qahramoni - Vladislav N.

Vladislav 26 yoshda va iTechArt’da dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi bo‘lib ishlaydi.

iTechArt Group dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish, servis xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, biznes-ilovalarni modernizatsiya qilish va integratsiyalash bo‘yicha jadal rivojlanayotgan kompaniyalardan biridir.

Bugungi kunda iTechArt 3500 dan ortiq mutaxassislarni o‘z ichiga oladi va ofislari AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Polsha, Litva, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda joylashgan.

Vladislav kompaniyaga 2015-yilda universitetning 2-kurs talabasi chog‘ida ishga kirgan. U dasturchi-texnik sifatida ish boshlagan, diplom olgandan so‘ng dasturiy ta’minot muhandisiga aylangan. Endilikda Vladislav kichik dasturchilar guruhi rahbari sifatida faoliyat yuritadi.

O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish haqida

Vladislav O‘zbekistonga erta bahorda ko‘chib kelgan.

“Men bu yerga sevgan qizim bilan ko‘chib keldim. iTechArtning Polsha, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston va O‘zbekistonda vakolatxonalari mavjud. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish eng osoni edi, shuning uchun ushbu mamlakatni tanladik. Hozir to‘g‘ri qaror qabul qilganimga amin bo‘ldim.”

Qahramonimizning ta’kidlashicha, dastlab unda ko‘chib o‘tish borasida shubha bor edi. Ammo hayot tarzini o‘z ko‘zi bilan kelib ko‘rgach hech qanday shubhaga o‘rin qolmadi.  

“Tan olib aytish kerak, biz bu yerda hayot tarzi pastroq bo‘lishidan qo‘rqdik, chunki Markaziy Osiyo mintaqasi haqida stereotiplar mavjud. Lekin hamma narsani o‘zimiz ko‘rib, bu yerga kelganimizdan xursand bo‘ldik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Vladislav barcha kerakli hujjatlarni mustaqil ravishda tez sur’atlarda yig‘di.  

“Bizga tezda yaxshi uy topib berish uchun rieltor topdik. Xonadon egasi bilan ham omadimiz keldi – 1-2 kun ichida ro‘yxatdan o‘tdik. Men ham ishga joylashish uchun barcha hujjatlarni 2 kun ichida to‘ldirdim. IT Park mening hamkasblarimga aeroportda kutib olish va SIM-kartalarni berishdan tortib, turar joygacha yordam bergani haqida xabarim bor. Shaxsan IT Park menga konsultatsiya masalasida ko‘mak berdi.”.

O‘zbekiston IT sohasi haqida

IT sohasini rivojlantirish haqidagi savolga javob berar ekan, Vladislav, birinchi navbatda, bu yerda hamma narsa raqamlashtirilganini taʼkidladi. U Internet tezligi a’lo darajada ekanini ta’kidladi.

“Soha faol rivojlanayotganini payqadim, bunda IT Park hissasi katta. Kerakli operatsiyalarni bajarish oson. Misol uchun, menga PayMe ilovasi yoqdi - bu kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun juda qulay, hamma narsa bir joyda. Bizda ham onlayn to‘lov imkoniyati mavjud, biroq har bir bank o‘z ilovasini taqdim etadi – ya’ni siz bir nechta interfeys va kartalarni ulashingiz kerak. Bu yerda tizim markazlashtirilgan.”

Vladislav yana bir plyusni qayd etadi: shaharda barcha xizmatlar uchun to‘lash mumkin bo‘lgan ko‘plab Paynet punktlari mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, Minskda ham operatsiyalarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan axborot kiosklari ham bor, biroq bu yerda ularning soni ko‘proq.

Qolaversa, qahramonimiz IT Park yaratilish tarixi bilan juda qiziqqanini ta’kidladi.

“Aytishim mumkinki, IT Park ishga tushirilgandan buyon amalga oshirilgan ishlar hayratlanarli. Ko‘plab qiziqarli loyihalar va kurslar yo‘lga qo‘yildi, demakki, resurslar bor va biz bu sohaga yanada ko‘proq sarmoya kiritishimiz lozim”.

Shuningdek, u poytaxtda ko‘plab ta’lim markazlari mavjudligi va mamlakatda ingliz tilini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganiga ham alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston haqidagi taassurotlar

Vladislavning tan olishicha, O‘zbekiston u va uning sevgilisiga juda yoqdi.

“Bizga tabiat, oshxona va odamlar yoqdi. O‘zbek milliy oshxonasi haqida ko‘p gapirish mumkin: bu yerda ovqatlanish uchun yaxshi joylar talaygina. Ajablanarlisi shundaki, ovqatlanish joyining joylashuvi va narx segmentidan qat’iy nazar, hamma narsa mazali! Sabzavotlar va mevalar ta’mini ta’riflashga til ojiz. Ovqat pishirsangiz bo‘yi butun uyga taraladi.”

Kamchiliklardan faqat bittasini qayd etadi: Toshkentda piyodalar yo‘laklarining kamligi. Ammo bu muammo tez orada hal etilishiga ishonchi komil.

“Yoqmaydigan narsani sanab o‘tish osonroq, chunki ular barmoq bilan sanardek. Toshkent rivojlanmoqda. Shaharda haydash uslubi biznikidan farq qilishini payqadim, lekin baxtsiz hodisalar kam. Bu yerda haydovchilar piyodani o‘tishiga ruxsat berishadi - bu juda yaxshi”, deydi qahramonimiz.

Toshkentda Vladislav va uning sevgilisi ko‘plab qiziqarli joylarga tashrif buyurishdi. Asosiy sayyohlik yo‘nalishlaridan tashqari, ular deyarli barcha bog‘larga, shuningdek, Yapon va botanika bog‘larini ko‘rish nasib qildi.

“Botanika bog‘i juda manzarali ekan. Bog‘ning joylashuvi qiziq: u shahar markazida joylashgan, lekin kirganingizda o‘rmonga ko‘chib o‘tgandek bo‘lasiz. Shahar o‘rtasidagi haqiqiy o‘rmon desa ham bo‘ladi. Hammayoq yashillikka burkangan. Yana bir qiziqarli joy – Magic City, sharqona muhitdagi kichik Yevropa.  Tashkent City’dagi musiqali favvoralar, lazer shousi go‘zalligi o‘ziga maftun etadi”.

Mahalliy aholi haqidagi taassurotlar

Mamlakat aholisi ham Vladislavda yaxshi taassurot qoldirdi. U o‘zbeklarni nihoyatda ochiqko‘ngil, mehribon, xayrixoh, mehmondo‘st xalq deb ta’riflaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha aholi ularga Toshkentda qolishni taklif qilmoqda.

“Mamlakatda rus tili rivojlanganidan ham mamnunman: oldingizdan o‘tib ketayotgan biror kishiga murojaat qilsangiz, u rus tilini bilmasa ham, nima xohlayotganingizni tushunadi va yordam berishga harakat qiladi.”

Vladislavning so‘zlariga ko‘ra, undan oldin O‘zbekistonga ko‘chib kelgan tanishlari bu yerda o‘zbek, rus va ingliz tillarida so‘zlasha olishiga ishontirishgan.

“Mahalla degan tushuncha borligi meni ham hayratda qoldirdi. Avvaliga bu nima ekanligini tushunolmadim. Xususiy sektor bo‘lsa kerak deb o‘yladim.  Minskda ham shunga o‘xshash tizim mavjud. Keyinchalik bu shunchaki oddiy uylar, qo‘shnilar emas, balki butun boshli madaniyat va turmush tarzi ekanligini angladim.

Vladislav va uning sevgilisi barcha qarindoshlari va do‘stlariga O‘zbekistonga kelishni tavsiya qiladi.

“Bu yerda havo issiq va taomlar mazali ekanligini hammaga aytamiz. Umid qilamizki, ular maslahatimizga quloq solib, albatta, O‘zbekistonga kelishadi”.

Vladislav bu yerda hozircha bir yil qolishni rejalashtirishgan. O‘zbekistondan o‘zlari bilan nima olib ketmoqchi ekanliklarini so‘raganimizda, shunday javob berishdi: istalgan narsa shunchalik ko‘pki, ularning hammasini olib ketishning, afsuski, iloji yo‘q.

“Esdalik uchun naqsh tushirilgan idishlarni olib ketamiz, axir, bu haqiqiy san’at asari. Ko‘zni quvontirishi uchun uni devorga osib qo‘ymoqchiman. O‘zbek milliy do‘ppisidan ham, albatta, olib ketamiz. Gilam ham olib ketardik-u, lekin bunday go‘zallikning ustida yurish xayf. Eng muhimi, bu go‘zal sharq mamlakati haqidagi iliq xotiralarni o‘zimiz bilan olib ketamiz”.

2022-07-07