Yosh dizaynerning 3D-modellashtirish sohasidagi muvaffaqiyat hikoyasi

Zamonaviy hayotimizda IT-sanoat rivojlanish va professional o‘sish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etmoqda. IT Park axborot texnologiyalari sohasida martaba orzu qilgan boshqa yosh mutaxassislarni ilhomlantirish uchun muvaffaqiyat hikoyalarini aytib berishda davom etmoqda.

Bugungi ruknimiz qahramoni samarqandlik 20 yoshli Feruz Mardonov. U dizayner sifatida  ikki yillik ish tajribasiga ega.

Feruz sohadagi faoliyatini IT Parkda boshlagan va u yerda 8 oy davomida kompyuter grafikasi va dizayn asoslarini o‘rgangan. Aynan shu yerda u dastlab 3D Max va AutoCAD dasturlari bilan tanishdi.

“Arxitekturaga boʻlgan ishtiyoq menga 3D Max dasturiy taʼminoti sohasida rivojlanishni xohlayotganimni tushunishga yordam berdi. Bu sohaga qiziqishim va matematikadagi qobiliyatim tufayli IT Parkdagi grafik dizayn yo‘nalishidagi o‘qishimni muvaffaqiyatli yakunladim, shundan so‘ng Registon kompaniyasida ish boshladim, – deydi u.

Hozirda Feruz dizayn markazida 3D modellashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliy faoliyatda qo‘llash imkoniyatini beradi. U arxitektura obyektlarining ta’sirchan 3D modellarini yaratish bilan bog'liq loyihalarda ishtirok etadi va takomillashtirishga yordam beradigan tajribali mutaxassislar jamoasi bilan ishlaydi.

“IT sohasidagi rivojim endigina boshlanmoqda va men uzluksiz o’z ustimda ishlashga intilaman. Kelajakda o‘z qobiliyatlarimni kengaytirib, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirmoqchi bo‘lganim uchun dasturlash sohasiga kirishni rejalashtirganman. 3D modellashtirish mening asosiy qiziqishim bo‘lib qolmoqda va men bu sohada o'z mahoratimni oshirishda davom etmoqchiman. Qolaversa, mijozlar bazasini kengaytirish va ko‘nikmalarimni turli loyihalarda qo‘llash maqsadida frilanserlik yo‘lini ko‘rib chiqyapman”, — deydi qahramonimiz kelajakdagi rejalari haqida.

Qahramonimiz tajribasi shuni ko‘rsatadiki, o‘z ustida ishlash va tirishqoqlik IT sohasida muvaffaqiyatga erishishning asosiy omillari hisoblanadi. Biznesga bo‘lgan qiziqish esa olgan bilimlari sohada ishonch bilan boshlashga yordam beradi. IT markazlari esa bu maqsadlarni amalga oshirishga yordam berdi. Balki siz ruknimizning navbatdagi qahramoniga aylanarsiz?

2023-06-19