Oʻzbekiston biznes hamjamiyatini xalqaro hamkorlar bilan bogʻlash, global texnologik landshaftga integratsiyalashuvini osonlashtirish, investitsiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish hamda diaspora asosidagi tajriba va qoʻllab-quvvatlash orqali oʻzbekistonlik yosh mutaxassislar va startaplarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun yetakchi global texnologik kompaniyalar va startaplarda ishlaydigan oʻzbek millatiga mansub muvaffaqiyatli mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Uzbekistan Connect dasturi ishga tushirilgan.
Bu global tajribani mahalliy innovatsiyalar bilan bog‘lash va O‘zbekistonni raqamli iqtisodiyotning yetakchi o‘yinchisi sifatida ko‘rsatish harakatidir.
Uzbekistan Connect Ambassadorning asosiy vazifalari esa xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, eksport ishtiroki platformasini yaratish, investitsiyalar va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish. iqtidorni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash hamda o‘zbekistonning texnologik salohiyatini targ‘ib qilishdan iborat.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Uzbekistan Connect dasturi doirasida dunyoning yetakchi davlatlarida faoliyat yuritayotgan muvaffaqiyatli o‘zbek mutaxassislari – Uzbekistan Connect ambassadorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Polsha, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi yirik texnologik kompaniyalar va startaplarda ishlayotgan 12 nafar ambassadorlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning IT va startap ekotizimi, raqamli infratuzilmasi, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, shuningdek, mamlakatda yaratilgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov asosiy maqsadlardan biri O‘zbekistonni jahon IT bozorida tanitish va ko‘proq xalqaro texnologik kompaniyalarni yurtimizga jalb qilish ekanini ta’kidladi. Shuningdek, masofaviy ish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, vazir chekka hududlarga ham yangi kompaniyalarni jalb qilish orqali o‘sha joylardagi salohiyatni rivojlantirish, yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifalaridan biri ekanini qo‘shimcha qildi. Shu maqsadda mahalliy infratuzilmani mustahkamlash, ta’lim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Uzbekistan Connect ambassadorlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, mamlakatimizdagi raqamli transformatsiya va innovatsiya loyihalariga o‘z hissalarini qo‘shish, xalqaro investorlar va xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berishdi. Shuningdek, yosh mutaxassislar uchun xalqaro bozorga chiqish va tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekistonni global texnologik ekotizimga mustahkam integratsiyalash va raqamli taraqqiyotni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishga xizmat qiladi.
2025-07-24