AKT Vaziri BMT DESA Rahbari bilan uchrashdi

Ayni paytda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park Direktori Farhod Ibragimov AQShda ish safaridalar.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad AKT sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, hamkorlikni yanada rivojlantirish, hamda, davlatimiz rahbarining O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish bo‘yicha topshiriqlarini amalga oshirishdan iborat.

Safarning birinchi kunida Vazir Sherzod Shermatov, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va Farhod Ibragimov BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha Departamenti (DESA) boshlig‘i janob Liu Zhenmin bilan uchrashdilar.

Suhbat davomida Liu Zhenmin O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar yuksak saviyada, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidladi. Mamlakat rahbariyati tomonidan olib borilayotgan mutanosib siyosat mamlakatimizda davlat xizmatlari sifatini oshirish, AKT sohasida inson kapitalini mustahkamlash, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish imkonini berganini alohida ta’kidladi.

Qolaversa, O‘zbekiston bir qator jahon reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallab turgani, kelgusidagi ishlar natijasida mamlakat mintaqadagi yirik IT-xabga aylanishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida Sherzod Shermatov BMTʼning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar Departamenti tomonidan amalga oshirilgan ishlar O‘zbekistonga har ikki yilda bir marta e’lon qilinadigan “Elektron hukumat” taraqqiyoti indeksida yuqori o‘rinni egallash imkonini berganini ta’kidladi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.

2022-06-21