AKT vazirligi delegatsiyasi Bokuga tashrif buyurdi

24-27-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi vazir o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev boshchiligida amaliy tashrif bilan Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘ldi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vazirlarining yigʻilishi hamda TEKNOFEST festivalida ishtirok etishdan iborat.

TEKNOFEST Aerokosmik Texnologiyalar Festivali 2018-yildan buyon har yili Turkiya Sanoat va texnologiya vazirligi va Turkiya Texnologiya jamoasi fondi tomonidan oʻtkazib kelinadi. Joriy yil festival ilk marotaba boshqa davlatda boʻlib oʻtdi. Tadbir Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirligi, Turkiya Respublikasi Sanoat va texnologiyalar vazirligi hamda Turkiya Texnologiya jamoasi jamgʻarmasi tomonidan tashkil etildi.

Festivalda Ozarbayjon va Turkiyaning aviatsiya, kosmik va raqamli texnologiyalar sohasidagi zamonaviy innovatsion texnologiyalari va yechimlari namoyish etildi. Ishtirokchilar Ozarbayjon “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvda tomonlar elektron hukumatni rivojlantirish sohasida O‘zbekiston va Ozarbayjon mutaxassislari o‘rtasida muntazam tajriba almashish va hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Taklif etilgan davlatlar orasida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Vengriya bo‘ldi. Tadbir doirasida turli tanlovlar, hakaton va yoshlar chempionatlari o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida Turkiy Davlatlar Tashkiloti AKT vazirlarining maxsus yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev tabrik so‘zi bilan yig‘ilishni ochib berdi. Tadbirga esa Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagdad Amreyev raislik qildi.

O‘zbekiston vakillari tomonidan so‘zlangan nutqda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, jumladan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalindi.

Muzokaralar chog‘ida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini ishlab chiqish, a’zo davlatlar o‘rtasida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona tizimini yaratish, raqamli innovatsiyalar katalogi loyihasi hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.

2022-05-30