Amsterdamda “Uzbekistan – The New Outsourcing Hub” konferensiyasi boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan 24-noyabr kuni Niderlandiyaning Amsterdam shahrida boʻlib oʻtadigan “Uzbekistan – The New Outsourcing Hub” konferensiyasida ishtirok etishga taklif qiladi.

Tadbirda Niderlandiyaning IT-autsorsing va BPO kompaniyalari “Veon Group”, “Raya CX”, “DeveloperTools”, “ProcessMix”, “EMEA Telstra Enterprise”, “ESKZ Global”, “Symphony Solutions”, “Brimit” va boshqalar qatnashadi.

Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kirish soʻzlari bilan ochib beradi.

Konferensiya ishtirokchilari IT sohasi vakillari bilan aloqa oʻrnatish va Oʻzbekistonda jadal rivojlanayotgan autsorsing sanoati bilan tanishish imkoniga ega boʻladilar. Xususan, IT Park Uzbekistan vakillari xorijiy kompaniyalarga “Zero Risk” (Oʻzbekistonda xorijiy biznesni mahalliylashtirishni imkon qadar soddalashtirish imkonini beruvchi) va “All-in-one” dasturlarini taqdim etadilar. Dastur IT Park rezidentlari uchun keng qamrovli eksklyuziv xizmatlar toʻplami boʻlib, maxsus shaxsiy menejer va 24 soatlik qoʻllab-quvvatlash xizmati, shuningdek, xodimlarni tanlashda yordam berish, internetga uzluksiz ulanish, infratuzilma, yuridik, buxgalteriya va bank xizmatlarini oʻz ichiga oladi.

Bundan tashqari, tadbirda “Veon Group”, “Raya CX” va “DeveloperTools” kompaniyalarining taqdimotlari oʻtkazilib, ularda inson resurslari, infratuzilma, investitsiyalar va IT sohasini rivojlantirish haqida maʼlumotlar almashishadi, shuningdek, Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish tajribasi va taassurotlari haqida gapirib berishadi.

Roʻyxatdan oʻtish 22-noyabrgacha quyidagi havola orqali mavjud: https://forms.office.com/r/NWuQmcApg1

Sana: 24 noyabr

Vaqt: 10:00 dan 14:00 gacha

Tadbir oʻtkaziladigan joy: Hilton Amsterdam mehmonxonasi (Apollolaan 138, 1077 BG Amsterdam)

Eslatib oʻtamiz, “Uzbekistan — The new outsourcing destination” konferensiyasi allaqachon Ostin, Singapur, Turkiya va Koreya davlatlarida boʻlib oʻtgan edi. Buyuk Britaniya va Irlandiyada ham tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

2023-11-09