Amudaryo shahrida IT Markaz ochildi!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning aholi va yoshlar tomonidan kompyuter texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka jalb etishni nazarda tutuvchi “Besh tashabbus” ning Uchinchisini amalga tatbiq etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi aholi, asosan, yoshlar tomonidan kompyuter texnologiyalarini keng hamda samarali foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini maʼlum qildi.

Xususan, 2020-yil 3-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida kelajak kasblarini qulay oʻqitish uchun barcha zarur sharoitlar bilan jihozlangan IT Markaz ochildi.

Axborot texnologiyalari markazining tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari, shuningdek, IT markazlar direktori Nodir Alibekov ishtirok etdi.

Mazkur IT Markaz zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan xonalarni, shuningdek,kibersport va mobil robototexnika bilan shugʻullanadigan zallarni oʻz ichiga oladi.

IT Markazda quyidagi fanlarni oʻrganish mumkin::

- Kompyuter savodxonligi;

- MS Officeʼga chuqurlashtirilgan bilimlar;

- Veb dasturlash tillari;

- Grafika va dizayn asoslari;

- Mobil ilovalarni yaratish;

- Python dasturlash tili;

- Arduino va LEGO Mindstorms asosida ishlaydigan mobil robotlar;

- Hamda kibersport: CS:GO, Dota2, FIFA20.

Maʼlumot uchun:

Bugungi kunda mamlakatimizda 50 ta IT markaz ochilgan. 2021-yil oxiriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab 203 ta IT markaz ochilishi rejalashtirilmoqda.

2020-10-03