9-iyun kuni IT Parkga AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida IT va BPO sohasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, IT Park direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktorining xalqaro yo‘nalish bo‘yicha maslahatchisi Bohodir Ayupov, “Astrum Academy” bosh direktori Botir Arifjonov ishtirok etdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri mehmonlarni IT Park loyihasining maketi bilan tanishtirib, so‘nggi 2 yilda qanday ishlar amalga oshirilgani, qurilish ishlarining dastlabki bosqichi va kelgusi 2 yilda uni kengaytirish rejalari haqida so‘zlab berdi. Delegatsiya aʼzolari IT Park majmuasi qurilishining birinchi bosqichi bilan ham tanishdi.
IT Park direktorining xalqaro yo‘nalish bo‘yicha maslahatchisi Bohodir Ayupov IT Parkning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimoti davomida O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyotda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan amaliy yordam va tashabbuslar, Markaziy Osiyo inson kapitali va salohiyati, shuningdek, ushbu soha rivoji bo‘yicha strategiya O‘zbekistonning yosh aholisi atrofiga qurilayotgani haqida so‘zlab berdi. Taqdimot chog‘ida IT Park rezident-kompaniyalar eksport hajmi oshgani, ushbu kompaniyalarning 80 foizdan ortig‘i AQSH bozoriga xizmatlarni faol eksport qilayotgani, shuningdek, ularga soliq imtiyozlari taqdim etilayotgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda IT va BPO (Business Process Outsourcing) yo‘nalishlarini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalar ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, IT Park rezident kompaniyalariga taqdim etayotgan erkin iqtisodiy zona, IT-taʼlimni isloh qilish va yosh IT-mutaxassislar qatlamini yaratish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Mehmonlar, shuningdek, IT sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan “Tumaris Tech” loyihasi bilan tanishdilar. Loyiha WSIS 2022 World Summit on the Information Society Xalqaro forumi doirasida o‘tkazilgan tanlovda “Capacity Building” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
“Astrum academy” bosh direktori Botir Arifjanov esa ishtirokchilarga o‘quv majmuasi va uning asosiy faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum uchrashuvda o‘zaro ochiqlik va ishonch o‘rnatilganini alohida ta’kidlar ekan, o‘z navbatida, hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha konstruktiv muloqotni bundan keyin ham davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
2022-06-10