Berlin Economics IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Yevropa bo‘yicha eksport bo‘limi rahbari Sarvar Vohidov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari “German Economic Team” loyihasi rahbari Valdemar Valter boshchiligidagi “Berlin Economics” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Muzokaralar doirasida tomonlar institutsional hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonning IT sohasini, jumladan, startap ekotizimini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Berlin Economics — iqtisodiy tadqiqotlar va hukumat tuzilmalariga strategik maslahat berishga ixtisoslashgan nemis konsalting kompaniyasi. “German Economic Team” (GET) loyihasi doirasida u Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va G‘arbiy Bolqon mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari orasida makroiqtisodiyot, xususiy sektorni rivojlantirish, tashqi savdo, energetika va raqamlashtirish sohalari mavjud. Kompaniya Berlinda joylashgan bo‘lib, Germaniya va Yevropa Ittifoqining yetakchi iqtisodiy institutlari bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston IT sohasining joriy holati va rivojlanishi, uning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi, shuningdek, autsorsing va IT-xizmatlar eksporti kabi asosiy yo‘nalishlarni batafsil muhokama qildilar. Bozorga kirish imkoniyatlari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash turlari va iste’dodlar bazasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, tomonlar IT sohasida bandlikni rivojlantirishning dolzarb masalalariga to‘xtalib o‘tishdi. Ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish va mehnat sharoitlari shaffofligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ish haqi dinamikasi, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash va professional faoliyat shakli sifatida o‘zini o‘zi band qilishni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

“Berlin Economics” vakillari IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun amaldagi qo‘llab-quvvatlash dasturlari va soliq imtiyozlarini yuqori baholadilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar ta’limni rivojlantirish, oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik va yoshlar o‘rtasida STEM yo‘nalishlarini targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildilar.

“Berlin Economics” bilan hamkorlik O‘zbekiston IT sohasini xalqaro maydonda ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bunday hamkorlik eksport salohiyatini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va IT Park Uzbekistan rezidentlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda eksportni oshirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

2025-07-23