Counter Strike titanlari jangi: “Storm” vs “Arcred”

2020-yil 29-fevral sanasida IT Park qoshidagi IT-Markaz tashkilotchiligi bilan Toshkent shahridagi “Cougar” oʻyin klubida Counter Strike boʻyicha Oʻzbekistonning eng yaxshi jamoalari: “Storm” va “Arcredʻ oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

“Storm” jamoasiga 2008-yilda asos solingan. 2009-yilda u ilk marotaba xalqaro turnir - Qozogʻistonning Almati shahrida tashkil qilingan Markaziy Osiyo chempionatida qatnashib, oʻzining birinchi oltin medalini qoʻlga kiritadi. Hozirgi kunda “Storm” Markaziy Osiyoning toʻrt karralik chempioni hisoblanadi. Jamoa Ukrainaning Kiyev shahrida oʻtkazilgan Yevropa chempionatida ishtirok etib, ikki marta 5-6 oʻrinlarni va uch marta 10-12 oʻrinlarni egallagan. Vyetnam poytaxti Xanoy shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionati qatnashchisi, 2011-yil (kumush medallar), MDH mamlakatlari oʻrtasida oʻtkazilgan chempionatlarda toʻrt marta ishtirok etgan.
2011-yilda jamoa Janubiy Koreyaning Pusan shahrida oʻtkazilgan Jahon chempionatida “Firenation” klan-tegi ostida ilk marta qatnashib, dunyoning eng yaxshi jamoalari orasida 5-6 oʻrinlarni egallaydi. 16-karra Oʻzbekiston chempioni, 2007-yildan 2012-yilgacha respublikada tengsiz jamoa boʻlib kelgan. “Storm” 2012-yilda oʻyinning toʻliq onlayn platformalarga asoslangan versiyasininig chiqarilishi va sifatsiz internet tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatadi.
2020-yilda “Storm” nafaqat oʻz faoliyatini tiklab, xalqaro turnirlarda qatnashishni boshladi, balki butun Oʻzbekiston boʻylab IT Park qanoti ostida kibersportni rivojlantirish jarayonida ham qatnashyapti. Joriy yilning yanvar oyida jamoa Oʻzbekiston chempionatida oltin medal yutib olishga ham ulgurdi. Jamoa tarkibi: CEKKA, Thomas, chrizm, fr0k, Nelsun.
“Arcred” jamoasiga 2019-yilda asos solingan boʻlib, u yurtimizdagi moliyalashtiriladigan oʻziga xos kibersport tashkilotiga aylandi. Bir yillik faoliyati davomida jamoa 4 ta Oʻzbekiston chempionatini yutishga muvaffaq boʻldi. Ayni vaqtda u Oʻzbekistondagi eng yaxshi jamoalardan biri hisoblanadi. Jamoa tarkibi: DOZA, ISFAN666,searoud, TIMURKAtZjEEE, Ururur. Jamoa murabbiyi: d0N1NjA.

Oʻrtoqlik uchrashuvi yurtimizning eng yaxshi kommentatorlari tomonidan sharhlanadi va Best-Of-Five (bo5, uchta gʻalabagacha) formatida oʻtkaziladi.

Oʻyinni barcha tomosha qilishi mumkin.

Oʻyin klubi manzili: Oʻzbekiston, Toshkent, Niyozbek yoʻli koʻchasi, 3-tor koʻcha, 6А.

2020-02-28