Hindistonga tashrif natijalari: Anglashuv memorandumlari, Buxoro viloyati salohiyati va IT Park dasturlari taqdimoti

7-noyabr kuni Bangalor shahrida Acharya universitetida "Investor Meeting 2023” biznes sessiyasi  boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda, xususan, Buxoro viloyatidagi IT-autsorsing imkoniyatlarini taqdim etdi.

Sessiyada Hindiston kompaniyalarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etib, 30 ga yaqin kompaniyalar bilan ikki tomonlama B2B uchrashuvlar oʻtkazildi. 

Uchrashuv yakuni bo’yicha Buxoro viloyati va Hindiston kompaniyalari o‘rtasida IT, farmatsevtika va texnologiyalar sohasida 19 ta o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ular orasida Aishan Technologies India, Mobtions, Gallive Infotech, mVerve, Rug-Rel Components and Systems, Sri TulasiTech, Technohub Software Solutions, Valuable Consulting and Technologies, VMC Technologies, Zero Zilla Infotech kabi kompaniyalar bor.

Bundan tashqari, IT Park delegatsiyasi IT va BPO kompaniyalariga taklif etilayotgan tashabbus va imtiyozlarni taqdim etdi. “Zero Risk” va “All In One”  dasturlari tadbir ishtirokchilarida orasidagi IT va BPO auditoriyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan birga, xizmat safari doirasida Intel va IBM kabi kompaniyalar vakillari bilan B2B uchrashuvlari o‘tkazilib, Buxoro viloyatida mazkur kompaniyalar standartlari bo‘yicha talabalar va mutaxassislarning ta’lim va malakasini oshirish sohasidagi loyihalar muhokama qilindi. 

Shuningdek, IT va BPO sohasidagi   yirik xalqaro kompaniya  - “Capgemini” vakillari bilan ham muzokaralar olib borildi. Ular soliq imtiyozlari, IT-Viza va IT Park tomonidan xorijiy kompaniyalarga taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash dasturlariga qiziqish bildirdilar.

2023-11-13