ICT Week Uzbekistan 2023: Mamlakatning texnologik transformatsiyasi global diqqat markazida

Soʻngi paytlarda Oʻzbekiston jahon texnologiya hamjamiyatining diqqat markazida boʻlib, xalqaro ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini mintaqaviy texnologik habga aylanish boʻyicha ulkan rejalari bilan oʻziga qaratdi. “ICT Week Uzbekistan 2023” haftaligi mamlakatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi yutuqlarini namoyish etish uchun platforma boʻlib xizmat qildi. Bir qator nufuzli xalqaro ommaviy axborot vositalari ushbu tadbirni yoritib, Oʻzbekistonning IT-eksport hajmini oshirish va oʻzini texnologiyalar sahnasida asosiy oʻyinchi sifatida koʻrsatishga intilayotganini taʼkidladilar.

  1. Emirates 24/7: “Oʻzbekiston 2030-yilga borib IT-xizmatlar eksportini $5 milliardga yetkazishni maqsad qilgan”

“Emirates 24/7” nashri Oʻzbekistonning 2030-yilga borib IT-eksport hajmini $5 milliardga yetkazish borasidagi ulkan maqsadini koʻrib chiqdi. Maqolada “ICT Week Uzbekistan 2023” haftaligida muhokama qilingan strategiya va tashabbuslar oʻrganilib, mamlakatning iqtisodiy qarashlari va ushbu maqsadlarga erishishdagi texnologiyalar sohasining oʻrni yoritib berilgan.

“Oʻzbekiston IT sohasi jadal surʼatlar bilan oʻsib bormoqda va mamlakat xorijiy investitsiyalar uchun jozibador manzilga aylanmoqda. Hukumatning IT sohasini rivojlantirishga sodiqligi Oʻzbekistonga global IT-sanoatning asosiy oʻyinchisiga aylanish maqsadiga erishishda yordam berishi kutilmoqda”.

  1. Emerging Europe: “Soʻnggi soʻz: Oʻzbekiston qanday qilib mintaqaviy texnologik habga aylanishi mumkin”

“Emerging Europe” nashrining ushbu maqolasida Oʻzbekistonning mintaqaviy texnologik habga aylanishi mumkinligi haqida tushunchalar berilgan. Unda mamlakat duch kelayotgan muammolar va imkoniyatlar koʻrib chiqiladi hamda davlatning texnologik intilishlarini har tomonlama tahlil qilgan holda, “ICT Week Uzbekistan 2023” haftaligining asosiy natijalari muhokama qilinadi.

“Oʻzbekistonda 36 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va bu deyarli Markaziy Osiyoning qolgan toʻrtta davlatidagi umumiy aholi soniga teng. Oʻrtacha yosh — 29. Besh milliondan ortiq oʻzbeklar ingliz tilida gaplashadi va yarim milliondan ortiq kishi nemis tilini yaxshi bilishadi. Mamlakatda boʻlgan vaqtim davomida til bilan bogʻliq bironta muammoga duch kelmadim. Aksincha, xoh startap, restoran yoki bozor boʻlsin, ingliz tilida bemalol muloqot qildim”.

  1. LifeGate: “Oʻzbekistondagi texnologik taraqqiyot va uning ayollar huquqlariga taʼsiri”

“LifeGate” nashri Oʻzbekistondagi texnologik yuksalish va uning ayollar huquqlariga taʼsiri oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikka oʻziga xos nuqtai nazar bilan yondoshmoqda. Maqolada mamlakatdagi jadal texnologik taraqqiyotning ijtimoiy oqibatlari oʻrganilib, rivojlanayotgan sohada ayollar duch keladigan muammolar va mavjud imkoniyatlar yoritiladi.

Maqolada “ICT Week” haftaligi doirasida Toshkentda oʻtkazilgan “Empowering women in IT: leading the digital revolution” konferensiyasi haqida soʻz boradi. Konferensiyada taʼlim, tadbirkorlik va ayollar, ayniqsa, zoʻravonlik qurboni boʻlganlarga mustaqil boʻlishlarida yordam berish borasida oʻz intilishlarini bildirgan asosan yosh ayollar ishtirok etishdi.

  1. Emerging Markets: “Chirchiqdagi moʻjiza: Oʻzbekiston bor eʼtiborni ITʼga qaratmoqda”

“Emerging Markets” nashrining ushbu maqolasida Oʻzbekistonning IT sohani rivojlantirishga sodiqligi taʼkidlanib, uni Chirchiq daryosidagi “moʻjiza”ga qiyoslanadi. Maqolada Oʻzbekistonning IT-texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli yondashuvining ahamiyati va mamlakat jahon miqyosida qanday oʻrin tutishi koʻrib chiqilgan.

“Biznes imkoniyatlari, arzon yashash narxi, doʻstona va bagʻrikeng madaniyat va yoqimli ob-havoga intilayotgan chet elliklar kabi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar soni ham ortib bormoqda. Toshkent markazidagi IT Parkʼning zamonaviy bosh qarorgohidan bir necha chaqirim janubda joylashgan Chirchiq daryosi qirgʻoqlari hozir mayin, oltin kuz shuʼlalarida tovlanayotgan boʻlishi mumkin. Ammo Oʻzbekiston texnologiyalar sohasida bahor va Markaziy Osiyo dashtida minglab yashil kurtaklar nish urmoqda”.

  1. Al Bayan: “Oʻzbekistonning texnologik qarashlari jahon eʼtiborini tortmoqda”

“Al Bayan” nashri Oʻzbekistonning texnologik qarashlariga global nuqtai nazardan razm solib, mamlakatning xalqaro sahnada qozonayotgan eʼtiborini taʼkidlaydi. Maqolada Oʻzbekistonning global texnologiyalar landshaftida ortib borayotgan taʼsirining iqtisodiy va strategik oqibatlari koʻrib chiqiladi.

Maqolada Oʻzbekistonning 2030-yilga borib IT-sohasidagi eksportni $5 milliardga yetkazish rejalari muhokama qilinadi. IT Park bosh direktori Farhod Ibragimovning soʻzlariga koʻra, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ushbu tashabbus biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) sanoati va Oʻzbekistondagi tashqi IT-xizmatlar oʻsishini tezlashtirishga qaratilgan.

  1. Outsource Accelerator: “Oʻzbekiston 2030-yilga borib IT-eksport hajmini $5 milliardga yetkazishni maqsad qilgan”

“Outsource Accelerator” nashri Oʻzbekistonning 2030-yilga borib IT-xizmatlar eksportini $5 milliardga yetkazish borasidagi intilishlariga eʼtibor qaratadi. Maqolada “ICT Week Uzbekistan 2023” haftaligi doirasida muhokama qilingan asosiy eksport maqsadlari va mamlakat iqtisodiyotiga mumkin boʻlgan taʼsir bayon etilgan.

“Hukumatning intilishlari koʻmagida mamlakat IT-sektorining jadal kengayishi, Oʻzbekistonga global IT-sanoatning yirik oʻyinchisiga aylanishga va $5 milliardlik ulkan eksport maqsadiga erishishga yordam beradi. Biroq, ushbu maqsadga erishish uchun sanoatni kengaytirish kadrlar zaxirasini oshirish maqsadida taʼlim va oʻqitishga doimiy sarmoya kiritishni talab qiladi”.

  1. Icebreaker Media: “Toshkent chorlaydi: Oʻzbekiston xorijiy investorlar va startaplarga nimalarni taklif qilishi kerak?”

“Icebreaker Media” nashri Oʻzbekistondagi xorijiy investorlar va startaplar uchun yaratilgan imkoniyatlarni oʻrganib, Toshkentni global tadbirkorlar uchun chaqiriq sifatida namoyon qilmoqda. Maqolada Oʻzbekistonni xalqaro texnologik kompaniyalar uchun jozibador manzilga aylantiruvchi imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash tizimlari haqida tushunchalar berilgan.

“Oʻzbekiston mintaqada raqobatbardosh ustunlikka daʼvogarlik qilib, autsorsing filiallarini tashkil etuvchi kompaniyalar uchun oʻzini “yagona oyna” sifatida koʻrsatishga intiladi.

Ushbu dasturning asosi soliq imtiyozlari siyosati boʻlib, IT Park rezidentlariga 0% korporativ, ijtimoiy, mulk va yer soliqlarini taqdim etadi. Bundan tashqari, import qilingan xizmatlar uchun QQS olinmaydi va 7,5% daromad soligʻi qoʻllaniladi. Oʻzbekiston yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish, bank hisob raqamini ochish va soliq organlarida roʻyxatdan oʻtishda koʻmaklashish orqali jarayonni yanada osonlashtiradi”.

  1. Italy 24: “O‘zbekistonda ayollar huquqlari, imkoniyatlarni kengaytirishdagi dastlabki urinishlar”

Maqolada Oʻzbekistonda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish tashabbuslari koʻrib chiqilib, anʼanaviy ravishda erkaklar ustunlik qiladigan IT sohasida ayollar sonini koʻpaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarga eʼtibor qaratiladi. Maqolada Toshkentda boʻlib oʻtgan konferensiya haqida soʻz yuritilib, unda ayollar oʻz muammolari bilan oʻrtoqlashdilar va IT sohasida gender stereotiplarini yoʻq qilish muhimligi taʼkidladilar.

Materialda raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi, ayollar IT-klubining rahbari hisoblangan Kamola Sobirova kabi muhim shaxslar tilga olinadi. Maqolada gender tengligini qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar bilan hamkorlik haqida soʻz boradi hamda minglab qizlarga IT va tadbirkorlik sohasida koʻnikmalarga ega boʻlish imkonini taqdim etgan “IT-Women” dasturiga havola qilingan.

  1. Grit Daily: “O‘zbekiston IT-sektori Amerika kompaniyalari uchun biznes jarayonlari autsorsing markazini yaratishni maqsad qilgan”

Nik Xoldsvortning maqolasida Oʻzbekistonning 2030-yilga borib IT-xizmatlar eksporti hajmini yiliga $5 milliardga yetkazishni maqsad qilgan mintaqaviy IT-autsorsing markaziga aylanish boʻyicha ulkan rejasi bayon etilgan. Mamlakat soliq va bojxona imtiyozlaridan, shuningdek, malakali IT-mutaxassislar zaxirasidan foydalanib, Oʻzbekistonga turli vazifalarni autsorsing qilish uchun xorijiy kompaniyalarni, ayniqsa AQShdan jalb qilmoqda.

Hukumat ishchi kuchi ancha arzonroq boʻlgan Oʻzbekistonga xizmatlarni autsorsing qilish xalqaro kompaniyalar uchun iqtisodiy foyda keltirishiga urgʻu beradi. Maqolada Oʻzbekistonda oʻz ofislarini ochgan “EPAM Systems” va “Plug and Play” kabi kompaniyalarning muvaffaqiyatlari haqida soʻz boradi. Mamlakat global investitsiyalar va mijozlarni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratgan holda oʻzini Markaziy Osiyoda IT-startaplar uchun markaz sifatida koʻrsatishga intilmoqda.

Xulosa:

“ICT Week Uzbekistan 2023” tadbirining xalqaro ommaviy axborot vositalarida yoritilishi Oʻzbekistonning global texnologiyalar sohasida muhim oʻyinchi sifatida tobora eʼtirof etilayotganini aks ettiradi. Maqolalarda mamlakatning ulkan maqsadlari, duch kelayotgan qiyinchiliklari va texnologik tashabbuslarining ichki va xalqaro jabhadagi potensial taʼsiri taʼkidlanadi. Oʻzbekiston mintaqaviy texnologik habga aylanish yoʻlida harakatlanishni davom etar ekan, dunyo milliy miqyosda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining shiddat bilan oʻzgarayotganini eʼtirof etib, uni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

2023-11-30