Inha universitetida “Yangi O‘zbekiston va axborot texnologiyalarini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida O‘zbekiston-Koreya xalqaro IT forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchisi Kim Xi-Sang, “ETRI” vitse-prezidenti Pak Jong Xyon, IT-Park direktori Farhod Ibragimov, shuningdek, Koreyaning Geotwo Global Co Ltd., Joys Global Inc, GOC Co Ltd kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida universitetda Koreya BPO markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, forum doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Koreya Respublikasining “ETRI” elektronika va telekommunikatsiyalar ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumning asosiy maqsadi oʻzaro manfaatli hamkorlik boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish, IT-taʼlimni rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Hujjatning asosiy yo‘nalishlari Koreya Respublikasidan yirik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish va ularning BPO sohasidagi faoliyatini kengaytirishdan, shuningdek, O‘zbekistonda raqamlashtirish va sun’iy intellekt va, umuman olganda, AKT sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
2022-05-30