Inha universitetida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi “SCO STUDENTS CUP” xalqaro turniri final bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasining ShHT ishlari bo‘yicha Milliy koordinatori o‘rinbosari Timur Faridovich Abdullin, O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi prezidenti Doniyor Jo‘rayev, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, universitet talabalari va CS: GO va DOTA 2 o‘yinlari muxlislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, kompyuter o‘yinlariga hamisha munosabat turli xil bo‘lib kelgan. Ular bolalarning intellektual rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi haqida fikrlar ham mavjud. Bugungi kunda virtual o‘yinlar an’anaviy o‘yinlarni siqib chiqarayotganini, kundan-kun sayqallanib, rivojlanib borayotganini, albatta, tan olish kerak. Zamonaviy dunyoda e-sport deb atalmish butun bir yo‘nalish muvaffaqiyatli rivojlangan bir vaqtda, O‘zbekiston ham yoshlar manfaatlarini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishga qaror qildi.
O‘zbekistonda SCO STUDENTS CUP xalqaro musobaqasi ilk bor o‘tkazilayotganligiga qaramay, tashkilotchilar tomonidan yoshlarni turnirlarga jalb etish, saralash bosqichlarini o‘tkazish, O‘zbekistonda kibersportni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirildi.
CS:GO va DOTA 2 yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan turnirlarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Hindiston, Pokiston va Xitoy kabi davlatlardan jami 8 ta jamoa ishtirok etmoqda.
Umumiy sovrin jamg‘armasi 200 million so‘mni (~$18 000) tashkil qiladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar 50 million so‘mdan, 2-o‘rin uchun 30 million so‘mdan va 3 va 4-o‘rindan joy olgan jamoalar har biri 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Musobaqalar 4 kun davom etadi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi 2-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
2022-05-30