IT-mutaxassislarni tayyorlash tizimini optimallashtirish masalalari muhokama qilindi

Joriy  yilning 10-iyun kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida IT Park eksportchi rezidentlari bilan ularga yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda IT-Parkning 100dan ortiq rezident kompaniyalari, jumladan EXADEL, G-sore, EPAM tizimlari va boshqa ko‘plab kompaniyalar, shuningdek, Tehnikum, Najot Taʼlim, PDP Asademy, Alif tech, Bilim tech, Realsoft, Texnopark Al-jabr kabi taʼlim kompaniyalari vakillari qatnashdi. Bundan tashqari, IT Parkning respublikamiz hududlaridagi rezidentlari ham onlayn shaklda ishtirok etdi.

Tadbir avvalida IT Park tomonidan amalga oshirilgan ishlar va uning kelgusidagi rejalari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, eksport bilan shug‘ullanuvchi va taʼlim rezidentlari soni yildan yilga o‘sib borayotgani, ularga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, qabul qilingan farmondagi yangiliklar, shuningdek, 2030 yilgacha Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan maqsad va vazifalar, yetuk IT mutaxassislarni yetishtirib chiqarish bo‘yicha barcha zarur shart-sharoitlar yaratish va kadrlarga qo‘yilgan talablar to‘g‘risida maʼlumotlar berilib, taqdimot qilindi. 

Shuningdek, ochiq muloqot davomida IT-eksport hajmini 2026 yilgacha 1 mln dollargacha, 2030 yilga kelib, 5 mlrd dollarga yetkazish va bu kutilmalarni amalga oshirishda eksportyor kompaniyalarni o‘rni muhim ekanligi qayd etildi.

Shuningdek,  eksport qiluvchi kompaniyalarga IT Park taʼlim rezidentlari  tomonidan yuqori malakalarni yetishtirib berish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda “IT-Park Talent” loyihasi ishtirokchilarga namoyish etildi va uning afzallik tomonlari namoyish etildi.

Ochiq muloqotda kompaniyalar vakillari tomonidan savollar berilib, takliflar bildirildi. Barcha takliflar eshitilib, berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Shu bilan birga, kelgusida hamkorlikda amalga oshirish zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan kelishib olindi.

IT-Park Talents – o‘quv markazi bitiruvchisi eksport qiluvchi kompaniyaga ishga kirgani uchun davlat tomonidan subsidiya ajratish dasturi. Bunda IT Park taʼlim rezidenti maxsus platforma orqali o‘quvchilarini ro‘yxatdan o‘tkazadi. Taʼlim jarayonini tamomlab,  bitiruvchisi ishga joylashgan o‘quv markazi my.gov.uz portal orqali  subsidiya olish uchun ariza topshiradi. Kompensatsiya miqdori o‘quvchining oyligiga qarab belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, endilikda IT Park rezidentlari AKT sohasiga yo‘naltirilgan ingliz tilini  (IT English) o‘qitish xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, faoliyatni amalga oshirishda bitta shart mavjud - ushbu rezidentlarning soha faoliyatidan  olayotgan daromadi kompaniyaning umumiy yillik  daromadining 40 foizidan oshmasligi kerak.

Yangi qaror yoshlarning AKT sohasida ingliz tili va sohadagi lug‘aviy bilimlarini  rivojlantirishga yordam berishi kutilmoqda. Buning natijasida esa, yuqori til ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mahalliy IT-kompaniya xodimlari xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirishi va ko‘proq mijozlarni jalb qilishi, mamlakatda IT-xizmatlar eksportini rivojlantirishga ko‘maklashishi kutilmoqda.

2023-06-10