IT-Park: “Angry Birds” oʻyini yaratuvchisining tashrifi va treningi

IT-Park: “Angry Birds” oʻyini yaratuvchisining tashrifi va treningi

Kecha, 2020-yil 26-fevral kuni mashhur “Angry Birds” oʻyinining yaratuvchisi Piter Vesterbak oʻzining tashrifi bilan IT-Parkni mamnun qildi va keyinchalik u INHA universitetida talabalar va axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchilar uchun trening oʻtkazdi.

IT-Parkda janob Vesterbak bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda kompaniyaning vakillari – IT-Parkning rezidentlari ham ishtirok etishdi. Uchrashuv qatnashchilari Piter Vesterbak bilan juda foydali va mazmunli munozara olib borishdi va unga taʼlim oʻyinlarini yaratishdan tortib Finlyandiyada taʼlim olishgacha turli xil savollarni berishdi.

Shuningdek, IT-Park vakili yigʻilishning barcha ishtirokchilari oldida taqdimot oʻtkazdi va IT-Park faoliyati va uning kelgusidagi rejalari haqida gapirib berdi. Taqdimot yakunida Piter Vesterbak koʻplab savollar berdi va umuman olganda tashkilotning faoliyati bilan qiziqdi. Uning uchun Oʻzbekistonning rivojlanish tarixi va Oʻzbekiston qanday rivojlanayotganini kuzatish juda qiziqarli boʻldi.

Uchrashuv yakunida Piter Vesterbak Oʻzbekiston bilan, xususan, IT-Park bilan faol va yaqin hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, Piter nafaqat yaxshi va yuqori sifatli oʻyinlarga, balki yuqori sifatli taʼlimga ham qiziqadi. Axir, Piterning oʻzi aytganidek: “Avval yaxshi oʻyinlar qilish kerak va shundan keyingina ularni yaxshi taʼlimiy tarkib bilan toʻldirish kerak”.

Uchrashuv soʻngida Piterga IT-Park nomidan sovgʻa topshirildi.

Ammo shuni taʼkidlash kerakki, ushbu uchrashuv Piter uchun shu kungi oxirgi uchrashuv boʻlmadi. Chunki, yana bir necha soat oʻtgach, Piter Vesterbak INHA universiteti talabalari bilan IT-Park tomonidan Top Management kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilgan treningni oʻtkazdi.

Kutilganidek, mashgʻulot chogʻida Piter ajoyib nutq soʻzladi, unda u “Angry Birds” oʻyinining yaratilish tarixi, u duch kelgan muammolar va bu afsonaviy oʻyinni yaratayotganda, oʻz jamoasi unga ishonmaganda Piter nimalarga tayangani haqida aytib berdi. Shuningdek, taʼlim mavzusi, odamlarning toʻgʻri fikrlashi va Yevropadagi IT-sanoati mavzulariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Oʻz chiqishining oxirida talabalarga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyati berildi va ularga maʼruzachidan batafsil javoblar olindi. Savol-javoblar sessiyasi yakunida, startaplarni rivojlantirish boʻyicha direktor oʻrinbosari Abdulahad Qoʻchqorov ham nutq soʻzlab, unda oʻzining tadbir va bugungi yoshlarning imkoniyatlari haqidagi fikrlari bilan boʻlishdi.

Barcha nutqlardan soʻng, talabalar Piter bilan suratga tushishdi, baʼzilari esa undan hatto dastxat olishga ham ulgurishdi.

Yakuniy hisobda, Piter Vesterbak tinglovchilarga fikrlash uchun yaxshi ozuqa qoldirdi, barcha tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirdi va mamlakatimiz taraqqiyotiga, xususan, Oʻzbekistondagi IT sohasining rivojlanishiga juda qiziqib qoldi.

2020-02-27