IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya Dubayga tashrif buyurib, u yerda yetakchi texnologiya kompaniyalari, ta’lim muassasalari va davlat tuzilmalari vakillari bilan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrif butun dunyodan moliyaviy texnologiyalar sohasi yetakchilarini jamlagan “Dubai Fintech Summit 2025” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida amalga oshirildi.
“Dubai International Financial Centre” (DIFC) tomonidan Dubay valiahd shahzodasi Shayx Maktum bin Muhammad Al Maktum homiyligida tashkil etilgan sammitda ishtirok etish IT Park uchun O‘zbekiston fintech ekotizimini namoyish qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi. Tadbirda 100 mamlakatdan 8000 dan ortiq mutaxassis, 1500 dan ziyod investor va 200 ta fintech kompaniyasi ishtirok etdi. Sammit davomida moliya sohasida sun’iy intellekt, blokcheyn, raqamli tartibga solish va barqaror rivojlanish kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida IT Park delegatsiyasi Dubay raqamli iqtisodiyotining asosiy ishtirokchilari bilan 10 dan ortiq uchrashuv o‘tkazdi. Ulardan biri sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan “AI Academy DIFC” ta’lim platformasi vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi. Muzokaralar chog‘ida qo‘shma ta’lim tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish, amaliy treninglar o‘tkazish, shuningdek, xalqaro maydonda sun’iy intellekt startaplarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Dubaydagi innovatsion hablar bilan aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. “DIFC Innovation Hub” biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Muhammad Al Blushi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar startap-innovatsiyalar, akseleratsiya va investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Muloqot davomida O‘zbekiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘rtasida investitsiya muhiti va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma xalqaro tadbir tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, “AI Academy” va “Ignyte” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihalarni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tashrifning muhim jihati amirlikning raqamli transformatsiyasini nazorat qiluvchi asosiy hukumat tuzilmasi — “Digital Dubai” bilan o‘zaro hamkorlik bo‘ldi. Muzokaralar raqamli yechimlarni joriy etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va elektron hukumat texnologiyalari almashinuvi masalalariga bag‘ishlandi. Uchrashuv natijasida qo‘shma loyihalar va tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
BAAning eng yirik texnologik klasterlaridan biri bo‘lgan “Dubai Silicon Oasis” (DSO) vakillari ham hamkorlikka qiziqish bildirdi. Startaplar almashinuvi, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va “DSO” hamda IT Park o‘rtasidagi hamkorlikdagi loyihalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, mijozlar va foydalanuvchilar tajribasi sohasida yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan “LAB EXPERIENCE” xalqaro konsalting kompaniyasi bilan tanishish ham foydali bo‘ldi. Tomonlar raqamli va servis xizmatlar sifatini yaxshilash doirasida O‘zbekistonda o‘quv va sertifikatlash dasturlarini joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, “CBI Bank” vakillari va Ras-al-Xayma amirligi maslahatchisi Jovanni Everdyuen bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar fintech yechimlarini joriy etish va bank sektorini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha tajriba almashdilar hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Tashrif doirasida ERP, CRM va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish sohasida yirik yechimlar provayderi — “Maxcient Technologies” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kompaniya O‘zbekistonda ofis ochishga qiziqish bildirdi va mahalliy bozor salohiyatini o‘rganish niyatini bildirdi.
Tashrif davomida raqamli infratuzilma masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Britaniyaning “Guavapay Group” fintech kompaniyasining pul o‘tkazmalari yo‘nalishi rahbari Said Buxoriy bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda zamonaviy to‘lov yechimlarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar transchegaraviy o‘tkazmalar, raqamli hamyonlar va mahalliy moliya tizimlari bilan integratsiyalashuv sohasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan modellarini ko‘rib chiqdilar. “Guavapay” vakillari O‘zbekistonning innovatsion fintech yechimlari uchun rivojlanayotgan bozor sifatidagi salohiyatini ta’kidlab, uzoq muddatli hamkorlikka qiziqish bildirdilar.
“DIFC” gubernatori taklifiga binoan tashkil etilgan “Governor’s Reception” tantanali qabulida IT Park delegatsiyasining ishtirok etishi ishbilarmonlik dasturining yakuni bo‘ldi. Markaz rahbari bilan norasmiy muloqot doirasida IT Park ekotizimining afzalliklari, startaplar va IT-kompaniyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari, shuningdek, kelajakda strategik hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllari muhokama qilindi.
Sammit doirasida IT Park bosh direktori tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston kompaniyalari — IT Park rezidentlari: “FlexSoft”, “Oson”, “IT Academy”, “Hamkorbank”, “BRB Tech” va boshqa kompaniya vakillari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ularning mahsulotlarini xalqaro bozorlarda ilgari surish va kelgusida institutsional qo‘llab-quvvatlash yo‘llari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar IT Park’ning xalqaro nufuzini mustahkamlash va global texnologiya hamda investitsiya bozorining yetakchi ishtirokchilari bilan barqaror hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Dubayga tashrif IT Park Uzbekistan’ning xalqaro mavqeyini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lib, xorijiy hamkorlarning O‘zbekiston bilan axborot texnologiyalari, innovatsiyalar, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi.
2025-05-14