Joriy yilning 16–22-iyul kunlari IT Park delegatsiyasi Yaponiyaga amaliy tashrif buyurib, xizmat safarini muvaffaqiyatli yakunladi. Safarning asosiy maqsadi O‘zbekistonning IT salohiyatini taqdim etish va yapon tadbirkorlarini IT Park tomonidan taqdim etilayotgan misli ko‘rilmagan dasturlar va imtiyozlar orqali mamlakatda biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishtirishdan iborat edi.
Safar doirasida Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Yaponiyaning yetakchi IT-kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish va IT-autsorsing sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya aʼzolari Yaponiyaning yirik kompaniyalari va tashkilotlari, xususan, “SRA.Inc”, “Kompyuterlashtirish boʻyicha xalqaro hamkorlik markazi” (Center of the International Cooperation for Computerization (CICC)), “Astraea Software Co., Ltd”, “Cal Co., Ltd”, “Phoenix7.Inc”, kabi kompaniyalar, shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Ushbu uchrashuvlarning asosiy maqsadi Yaponiya kompaniyalarini bosh ofislariga xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekistonda filiallar va vakolatxonalarni ochishga jalb qilish edi.
Muzokaralar davomida IT-eksport sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, IT-ta’lim va startap ekotizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga alohida e’tibor qaratildi. Yaponiya kompaniyalarining bir nechta vakillari, jumladan, CAL CO. LTD va Software Research Associates Inc, ofis va filiallarni ochish maqsadida yaqin kelajakda Oʻzbekistonga kelish istagini bildirdi. Bunday kompaniyalardan biri “Densan Corp” boʻlib, u allaqachon xalqaro ofislar, jumladan, Myanmadagi ofis bilan ishlash boʻyicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. Korxona rahbari oktyabr oyida Oʻzbekistonda filial ochish uchun Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Eslatib o‘tamiz, yuqorida aytib oʻtilgan uchta kompaniyaning umumiy kapitali 1,5 milliard dollarni tashkil qiladi.
Autsorsing sifatida dasturiy mahsulotlar va o‘yinlarni yaratish uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yaponiya kompaniyalari iqtidorli o‘zbekistonlik IT mutaxassislari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
E’tiborli jihati shundaki, ayni vaqtda Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) bilan mamlakatlar o‘rtasida mahalliy mutaxassislar uchun yuqori haq toʻlanadigan yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beruvchi IT-xizmatlar sohasida eksport salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘zaro hamkorlik memorandumini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, IT Park delegatsiyasi “ProximaOps”, “StartSoft”, “Innovate Tech Zone” va “IT-Bilim” kabi resident-kompaniyalar bilan birgalikda “Japan IT-Week” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, ushbu rezidentlar tomonidan ishlab chiqilgan IT-mutaxassislarini o‘qitish bo‘yicha dasturiy yechimlar, mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etib, O‘zbekistonning IT salohiyati va imkoniyatlarini namoyish etdilar.
Koʻrgazma davomida ishlab chiqilgan yoki ishlab chiqilayotgan turli xil yangi dasturlar namoyish etildi. Eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni O‘zbekiston hududlariga jalb qilish uchun moʻljallangan “Zero Risk” dasturi tashrif buyuruvchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. IT Park ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov ushbu dastur haqida batafsil maʼlumot berdi va bu mamlakat hududlarida o‘z ofislarini ochayotgan kompaniyalar uchun qanchalik foydali bo‘lishi haqida misollar keltirdi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston hududlarida oʻz ofislarini ochayotgan kompaniyalar IT Park tomonidan katta yordam oladi. Qo‘llab-quvvatlashga HR xizmati va ushbu kompaniyalar xodimlarining ish haqining 15 foizigacha qismini IT Park tomonidan to‘lanishi kiradi. Bundan tashqari, IT Park ijara haqini qoplaydi va kompaniya uchun zarur jihozlarni sotib olishga yordam beradi.
2023-07-26