2021-yil 25-avgust sanasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan IT Park direktori Farhod Ibragimov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Mamlakatimizning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, iqtisodiyot tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, hududlar infratuzilmasini jadal rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari, jamiyatda ma’naviy barqarorlikni saqlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlaridagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun davlat arboblari va xizmatchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Ibragimov Farhod Zairovich IT Park Uzbekistan direktori hisoblanadi. 2004-yilda TDTU Xalqaro biznes yo‘nalishini, so‘ngra TATU va Shvetsiyaning Qirollik Texnologiya Instituti magistratura bosqichini tamomlagan. Farhod Ibrohimov, shuningdek, «Korean Officials Training Institute»da malaka oshirgan. 2012-yildan buyon axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritadi. 2017-yilda “Mirzo Ulugʻbek Innovation Center” axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlash innovatsion markazining rahbari vazifasida ishladi. Uning rahbarligida AKT boʻyicha yosh mutaxassislar uchun eng yirik loyihalar ishga tushirildi: “One Million Uzbek Coders”, “MgovAward”, “TumarisTech”, “TechBika”, “Future Skills Uzbekistan”, “GameDev Goethe”, “Covid-19 Challenge 2020”, “Adrenalin Cyber Cup” va boshqalar.
2021-08-26