IT Park Dushanbe shahar hokimiyati huzuridagi “Smart City” DUK bilan memorandum imzoladi

IT Parkʼda tashkilot rahbariyati va Dushanbe shahar hokimiyati huzuridagi “Smart City” DUK ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda IT Park direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktori oʻrinbosari Bohodir Ayupov, shuningdek “Smart City” DUK direktori Samadzod Sadiy, “Smart City” DUK xalqaro aloqalar boʻlimi mutaxassisi Zafar Amonov, Yurist va kadrlar boʻyicha mutaxassis Norov Ulugʻbek va Texnik masalalar boʻyicha director oʻrinbosari Mansurov Bahrom ishtirok etdilar.

Taʼkidlash joizki, bu Tojikiston delegatsiyasining IT Parkʼga 30-iyundagi ilk tashrifidan keyingi ikkinchi va yakuniy tashrifi boʻlib Toshkentdagi turli davlat idoralari va IT kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlardan iborat edi.

Uchrashuv davomida “Smart City” DUK direktori Samadzod Sadiy ushbu tashrif doirasida Dushanbe shahar hokimi Rustam Imomali tomonidan “Smart City” oldiga Tojikiston IT kompaniyalari uchun maxsus iqtisodiy zona yaratish va shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi IT Parkʼi tashkilotchilik va rivojlanish modelidan foydalanish vazifasini qoʻyilganligi tufayli IT Park bilan uchrashuv ular uchun eng ustuvor vazifa ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Bundan tashqari, delegatsiya ishtirokchilariga IT Park faoliyati toʻgʻrisidagi taqdimot namoyish etildi. IT Park faoliyatining har bir yoʻnalishini batafsil muhokama qilib, tojikistonlik delegatsiya Dushanbeda xuddi shunday tashkilot yaratishda “Smart City” DUK uchun IT Parkning ekspert koʻmagi bilan qoʻshma ish boshlashni, shuningdek, IT Parkʼdagi «One million uzbek coders» oʻquv dasturi.doirasida parallel ravishda hamkorlik qilishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi. Memorandumni imzolash chogʻida har ikki tomon ham rejalashtirilgan hamkorlikning muhimligini va Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda har ikki davlat rahbarlarining ustuvor yoʻnalishlariga sodiqligini taʼkidladilar.


 

2021-07-12