IT Park jamoasi WorldSkills Asia Abu Dhabi 2023 musobaqasida kuchli beshlikdan joy oldi

“WorldSkills Asia” chempionatida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan IT Park jamoasi eng yaxshi 5 ta jamoalar roʻyxatidan joy oldi.

Musobaqa 27-29 noyabr kunlari Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtdi, unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari ishtirok etdi.

Musobaqada Oʻzbekiston sharafini IT Park jamoasi quyidagi tarkib bilan himoya qildi:

  1. Suxrob Haydarov — “WorldSkills” eksperti;
  2. Muhammad Matchonov — Shveytsariyadagi “FIRST Global Challenge” xalqaro chempionatida ishtirok etgan konstruktor;
  3. Azizbek Rahimjonov — 2023-yilda “WorldSkills Uzbekistan” milliy chempionatida ishtirok etgan dasturchi.

Jamoaning barcha aʼzolari IT Parkʼning Toshkent filialida mobil robototexnika boʻyicha murabbiy hisoblanadi.

IT Park jamoasi “Autonomous Mobile Robotics” yoʻnalishida ishtirok etib, unda 23 mamlakatdan kelgan raqiblar bilan bellashishdi. Tanlov yakuniga koʻra, jamoa chempionatning eng yaxshi 5 ta jamoasi qatoriga kirdi va jamoa mutaxassisi Suxrob Haydarov “Autonomous Mobile Robotics” yoʻnalishi boʻyicha “Best Expert” oltin medalini qoʻlga kiritdi.

“WorldSkills Asia” ma’lumotlariga ko‘ra eng yaxshi 5 ta davlat:

1-o‘rin: Birlashgan Arab Amirliklari

2-o‘rin: Tailand

3-o‘rin: Tayvan

4-o‘rin: Hindiston

5-o‘rin: O‘zbekiston

IT Park jamoasi “WorldSkills Asia Abu Dhabi 2023” musobaqasida ajoyib natijalarni namoyish etib, raqobatbardosh muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarildi.

WorldSkills — har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan turli koʻnikmalar boʻyicha professional mahorat tanlovi. Oʻzbekiston “WorldSkills International” assotsiatsiyasiga 2020-yilda qoʻshildi va uning 83-aʼzosiga aylandi.

Eslatib oʻtamiz, 20-sentabr kuni “WorldSkills Uzbekistan” assotsiatsiyasi tomonidan “WorldSkills” standartlaridan foydalangan holda mobil robototexnika boʻyicha ikkinchi milliy chempionat oʻtkazildi. Chempionat Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) maxsus poligonida oʻtkazildi. Tanlov yakunlari boʻyicha IT Park jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi va “WorldSkills Asia Abu Dhabi Competition 2023” chempionatida Oʻzbekiston sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

2023-12-04