2023-yilning 27-iyun kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida gibrid formatda “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusidagi Loyiha kengashining navbatdagi yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad - 2023-yilga mo‘ljallangan yillik loyiha ish rejasini tasdiqlashdan iborat. Uchrashuvda turli davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari, xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Reychel Bosh, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska qutlov so‘zi bilan chiqdi.
So‘ngra Inklyuziv bandlikni ta’minlash dasturi rahbari o‘rinbosari Usmon Rahimjonov yoshlar o‘rtasida raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan turli tadbirlar va tashabbuslarni o‘z ichiga olgan loyihaning 2023-yilga mo‘ljallangan yillik ish rejasi taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu taqdimotda loyihaning 2023-yilga mo‘ljallangan asosiy strategik yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda rejalashtirilgan muddatlar va kutilayotgan natijalar ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotdan so‘ng turli tashkilot vakillari va ekspertlar, jumladan, IT Park bosh direktorining raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Maxliyo Muksinova, Venchur investorlar assotsiatsiyasi (O‘zVCA) raisi Dilshod Zufarov, Plug and Play kompaniyasining investitsiya mutaxassisi Ra’no Siddiqova, shuningdek, Innovatsion rivojlanish agentligi Startap ekotizimini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ilhamov tomonidan 2023-yil uchun hamkorlik bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
IT Park vakili IT sohasi bitiruvchilari soni, axborot texnologiyalari sohasidagi taʼlim dasturlari mavjudligi va sifati boʻyicha statistik maʼlumotlarni taqdim etdi, shuningdek, mehnat bozorida IT-mutaxassislarga boʻlgan talablar toʻgʻrisidagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan bo‘lishdi.
Mahliyo Muksinova, shuningdek, IT-ta’limni takomillashtirish, IT-ko‘nikmalarini o‘rganishga ko‘proq yoshlarni jalb qilish, innovatsion ta’lim dasturlarini yaratish bo‘yicha g‘oyalarini ilgari surdi.
Bundan tashqari, IT Park vakili dunyoda raqamlashtirishning istiqboldagi holati va uning O‘zbekistonga ta’siri tahlil qilib, axborot texnologiyalarini rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollarini baholab o‘tdi.
Yig‘ilishning yakuniy bosqichida davlat va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik, tajriba va bilim almashish, innovatsion ta’lim dasturlarini yaratish va 2023-yilda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taklif va rejalar muhokama qilindi.
2023-06-29