IT Park Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari o‘rtasidagi B2B uchrashuvida ishtirok etdi

IT Park 2021-yil 28-30-sentyabr kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari o‘rtasida yaqin hamkorlik va sherikchilik munosabatlari o‘rnatish maqsadida Kooperativ birja dasturi doirasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda ishtirok etdi. Ushbu seminar Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqot Kotibiyati tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ishbilarmon ayollari sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, san’at va, albatta, axborot texnologiyalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.

Kooperatsion birjaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqotining raisi Tanzila Narboeva, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska so‘zga chiqdilar.

Ta’kidlash joizki, ayollar tadbirkorligi O‘zbekiston hukumati tomonidan faol qo'llab-quvvatlanib kelinmoqda va IT Park tashabbusi bilan “Tumaris Tech”, “TechBika” va “IT Woman” kabi yirik loyihalar yaratilgan. Ushbu dasturlar doirasida tadbirkor ayollar tomonidan turli biznes vazifalarni hal qilish uchun yangi usullarini taklif etuvchi ko‘plab innovatsion loyihalar ishlab chiqildi.

Seminarlarda ayollarning sanoat, mehmonxona va restoran biznesi, tibbiyot, ta’lim, savdo va moliya sohalarini rivojlantirishdagi ishtiroki masalalari ko‘tarildi, seminar davomida har bir spiker o‘z mamlakatining tajribasi bilan bo‘lishib, bir-biri bilan kelgusi hamkorlik istiqbollari haqida gapirib berdi.

B2B uchrashuvi yakunida ayollarning tadbirkorligi qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi, sababi har bir innovatsion loyiha BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida ishlaydi. Qolaversa, san’at va hunarmandchilik ayollarni mustaqil qiladi, bu esa oilalar farovonligini yaxshilashning asosiy omili hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari axborot texnologiyalari sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘lganligi sababli, tadbirkor ayollar va innovatsion loyihalar yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik startap ekotizimini rivojlantiradi va O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xalqaro seminarlarda qatnashish qo‘shni davlatlar korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi va faoliyatning barcha sohalarini rivojlanishini ta’minlaydi.

2021-10-11