Xorazm viloyati IT Park filialida startap-loyihalar boʻyicha menejer Sevara Palvonova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan mukofotga sazovor boʻldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan ayollarni turli unvonlar, orden va medallar bilan taqdirladi. Ular orasida tadbirkor ayollar, o‘qituvchilar, rassomlar, huquqshunoslar va boshqalar bor. 7 nafar ayol “Kelajak Bunyodkori” medali bilan taqdirlandi, ular orasida Sevara ham bor.
Sevara Palvonova Xorazm viloyatida axborot texnologiyalarini rivojlantirish, yangi yosh iste’dodlarni tayyorlash, tegishli digital ko‘nikmalar sohasida xotin-qizlarni o‘qitish va bandligini ta’minlash sohasida faol ish olib bormoqda.
Sevara Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialini Davlat granti asosida tamomlagan. 2020-yilda mazkur universitetning “Telekommunikatsiya texnologiyalari” fakulteti magistratura bosqichiga ham davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Sevara “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” Respublika tanlovining “Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar” yo‘nalishida ham g‘oliblar qatoridan joy olganini alohida ta’kidlaymiz.
Sevara Palvonova o‘z faoliyati davomida yoshlar o‘rtasida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab tanlovlar, tadbirlar va seminarlar o‘tkazgan. Sevara “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovida “Speak With Me” loyihasi bilan ishtirok etib, “O‘zbekiston yoshlarining Top-100 ta ilgʻor vakili” qatoriga kirdi va pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Speak With Me” loyihasining asosiy maqsadi – butun mamlakat bo‘ylab eshitishda nuqsoni boʻlgan fuqarolar va imo-ishora tilini o‘rganishni xohlovchilar uchun yagona ta’lim platformasini yaratishdan iborat. Dunyoda 300 dan ortiq imo-ishora tillari, jumladan, oʻzbek imo-ishora tili mavjud, ammo hozirda u boshqalar kabi rivojlangan emas. “Speak With Me” loyihasi ushbu muammoni hal qiladi.
Loyihada geymifikatsiya yordamida imo-ishora tilini tezda oʻrganishingiz mumkin boʻlgan veb va mobil ilova mavjud. Bundan tashqari, tez orada platformaga qo‘shimcha darslar, Covid-19 haqidagi ma’lumotlar, eshitishda nuqsoni boʻlgan fuqarolarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar va yangiliklar yuklanadi.
“Qaysi kasbni tanlash haqida savol tug‘ilganda, birinchi navbatda, men IT-sohasini tanladim, chunki bu yangi va istiqbolli yo‘nalish bo‘lib, bu sohada ayollar juda kam ishlayotgani asosiy dalil bo‘ldi. Oʻsha paytda men IT sohasida ayollar nisbatini oshirishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim. Shunday qilib, men loyihalar ustida ishlay boshladim va u yerda toʻxtamadim. Bundan tashqari, 2019-yilda Varshavada boʻlib oʻtgan Prespectywy Women in Tech summit 2019 sammiti uchun grant yutib oldim, u yerda dunyoning barcha IT sohasidagi ayollari yigʻildi.
Kelajakdagi rejalarim – nafaqat Xorazm viloyatida, balki butun mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shish, shu bilan birga bu sohada xotin-qizlarning rolini oshirishdan iborat”, — dedi Sevara Palvonova.
“Kelajak Bunyodkori” medali asl vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etadi. Ushbu medal o‘z xalqi manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, mamlakatimiz muvaffaqiyati va shon-shuhratiga hissa qo‘shayotgan shaxslarga beriladi.
Sevara Palvonovani tabriklaymiz va unga yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!
2022-03-16