IT Park rezident kompaniyalari xodimlari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni va “Shuhrat” medali bilan taqdirlandilar

Prezidentimiz farmoyishiga muvofiq mamlakatimizning bir guruh faol va tashabbuskor tadbirkorlari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni va “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar orasida IT Park rezident kompaniyalari xodimlari ham bor:

  • Jaksulikov Shariyar Alliyar uli - Data Biznes Control kompaniyasi rahbari;
  • Toshmuxamedov Abduqahhor Abduraufovich - Green White Solutions kompaniyasi direktori.

“Shuhrat” medali bilan:

  • Ibragimov Sherzod Bahodirovich - “MAAB Innovation” kompaniyasi asoschisi.

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni joriy etish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga ibrat bo‘layotgan tadbirkorlar mukofotlanadi.

Ko‘krak nishoni davlat rahbari tomonidan har yili 20 avgust – “Tadbirkorlar kuni” arafasida topshiriladi.

“Shuhrat” medali bilan o‘zining vijdonan mehnati bilan respublika iqtisodiyoti, ilm-fan va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi.

Shariyar Jaksulikov

Shariyar Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filialida tahsil olgan. 2021-yilda to‘rtinchi kursda o‘qib, Beruniy Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. 2022-yilda Mustaqillik bayrami arafasida Shariyar yetakchilik fazilatlari uchun “Үмит ушқыны” (Umid uchquni) ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Uning Data Biznes Control kompaniyasi 2022-yildan buyon IT Park rezidenti boʻlib, veb-saytlar yaratish, buxgalteriya tizimlarini avtomatlashtirish va korxonalarning onlayn tizimlarini takomillashtirish bilan shugʻullanadi. Ular 50 dan ortiq mamnun mijozlarga ega va kompaniyalar uchun 20 dan ortiq yirik CRM tizimlarini ishlab chiqishgan.

Abduqahhor Toshmuxamedov

Abduqahhor turli soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan boy mehnat tajribasiga ega. 2012-yilda Moskva davlat iqtisodiyot, statistika va informatika universitetini tamomlagan.

U 2019 yildan beri IT Park rezidenti bo‘lgan Green White Solutions kompaniyasi asoschisi va rahbari. Kompaniya biznes jarayonlarini optimallashtirish va soddalashtirish uchun innovatsion dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan, jumladan: Verifix, Smartup, Darmon.

Sherzod Ibragimov

Sherzod 2008-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi.

U 2019-yildan buyon IT Park rezidenti bo‘lgan MAAB INNOVATION kompaniyasi asoschisi. Kompaniya axborot texnologiyalari sohasiga ixtisoslashgan boʻlib, ETL (Extract, Transform, Load) ishlab chiqish, maʼlumotlarni saqlash va intellektual tahlil qilish, ularning vizualizatsiyasi va tahlili kabi keng koʻlamli xizmatlarni taqdim etadi.

Kompaniya o‘z xizmatlarini AQShda muvaffaqiyatli sotmoqda va chekka hududlardan xodimlarni faol jalb qilmoqda.

Rezidentlarimizni ushbu munosib mukofot bilan tabriklaymiz! Ularga yanada yorqin yutuqlar va muvaffaqiyatli loyihalar tilaymiz!

2023-08-19