IT Park rezidenti hamda Latviya kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

IT Park rezidenti “NAPA Automotive” kompaniyasi Latviyaning Corporate Solutions kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Hujjatlarni imzolash Latviya Atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish vazirligi Davlat kotibi Edvins Balshevich, O‘zbekistonning Latviyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Qadambay Sultonov, , Latviya Tashqi ishlar vazirligining Iqtisodiy aloqalar, savdo va rivojlanish bo‘yicha hamkorlik departamenti boshlig‘i Yuris Shtalmeystars, “Corporate Solutions” kompaniyasi boshqaruvi raisi Aigars Tserus hamda “NAPA Automotive” kompaniyasi rahbari Umid Abdusattorov ishtirok etdi.

Bitim O‘zbekiston davlat va xususiy sektorlari xodimlari uchun mahalliy bozor ehtiyojlariga moslashtirilgan AT xavfsizligi sohasida elektron ta’lim texnologiyalari platformasini joriy etish, elektron ta’lim dasturiy yechimlarini taqdim etish hamda Oʻzbekistondan YIttifoqi mamlakatlariga IT xizmatlari eksportini nazarda tutadi.

Aigars Tserus: “Biz 2010-yildan buyon IT xavfsizligi bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritib kelamiz. O‘zbekistonda hamkorlikning ustuvor maqsadlaridan biri “CloudStudy” platformasi asosidagi elektron ta’lim dasturiy yechimlarini AT xavfsizligi sohasidagi mahalliy bozor ehtiyojlariga moslashtirish hisoblanadi. Shu jumladan, o‘zbekistonlik mutaxassislar “fishing” kabi onlayn firibgarlikni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan harakatlarni aniqlash, parollar yaratish bo‘yicha boshlang‘ich bilimlar, ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalashtirilgan”.

“NAPA Automotive” kompaniyasi rahbari Umid Abdusattorov kompaniya turli elektron xizmatlarni joriy etish, qolaversa, IT-xavfsizlik xizmatlari yo‘nalishida ta’lim bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan davlat va kompaniyalar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

2022-06-03