IT Park rezidentlari Sofwarezentrum bilan hamkorlikni muhokama qilishdi

Ozbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, hamda, IT Park direktori Farhod Ibragimov va IT Park rezident kompaniyalari boshchiligidagi Ozbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyaga borishdi. Ish safari doirasida delegatsiya Shtutgartda joylashgan Sofwarezentrum dasturiy taʼminot markaziga tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida Sofwarezentrum markazi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Softwarezentrum boshqaruvchi direktori Hans Ulrih Shmidt mehmonlarga Shtutgartdagi IT yo‘nalishining o‘ziga xos xususiyatlari, markaz va IT ishtirokchi-kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik haqida so‘zlab berdi.

AKT vaziri Sherzod Shermatov hamkasblariga O‘zbekistonning inson salohiyati, IT-korxonalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va infratuzilma, shuningdek, IT Park rezidentlari bilan hamkorlikda erishilgan O‘zbekiston IT-xizmatlari eksportining o‘sish tendensiyalari haqida gapirib berdi. Sherzod Xotamovich Germaniyaga rasmiy tashrifning asosiy maqsadlaridan biri Germaniya Federativ Respublikasi hududida IT Park filialini ochish va Yevropa Ittifoqi bozoriga IT-autsorsing xizmatlarini taklif qilish ekanligini qo‘shimcha qildi.

Janob Shmidt taʼkidlashicha, GFR hududida rasmiy korxona ochish va faoliyat yuritish hamda Yevropa bozorini oʻrganish maqsadida almashinuv dasturi asosida Oʻzbekistondan Germaniyaga yosh IT-mutaxassislarini jalb qilish yaxshi natijalarga olib keladi.

Bundan tashqari, janob Shmidt Germaniyada IT-sanoatning turli sohalarida mutaxassislar va maktablar yetishmasligini taʼkidladi, Sherzod Xotamovich esa bu holat IT Park rezident kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda va Oʻzbekistondan nemis loyihalarini autsorsing qilish vazifasi muammo boʻlmaydi, deb javob berdi. Oʻz navbatida, Farhod Ibragimov rasmiy delegatsiya tarkibida tashrif buyurgan IT Park rezidentlari va IT-mutaxassislarining salohiyatiga alohida to‘xtalib, rezident kompaniyalar Softwarezentrumʼga a’zo korxonalar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bir nechta qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Jumladan, qo‘shma tadbir va xakaton tashkil etish, Softwarezentrumʼga qarashli IT-kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif qilish va ularni barcha imkoniyatlar bilan tanishtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ma’lumot uchun, Softwarezentrum Yevropadagi eng yirik dasturiy ta’minot markazlaridan biri bo‘lib, 12 000 kv.m.dan ortiq ofis maydoniga ega. Ushbu markazning aʼzolari – 110 ta dasturiy taʼminot kompaniyasi. Aʼzo kompaniyalar vakillaridan tashqari, maslahat Kengashiga taniqli kompaniyalar va muassasalar vakillari kiradi, jumladan, Böblingen Savdo palatasi, Baden-Vyurtemberg yer Iqtisodiyoti vazirligi, L-Bank, Hewlett Packard, IBM Germany va Daimler AG.

2022-11-15