IT-Park rezidentlari uchun bojxona imtiyozlari

IT-Park rezidentlariga ularning jadal rivojlanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida taqdim etilgan qulayliklardan biri bu bojxona imtiyozlaridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-yanvardagi “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etilsh chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 17-sonli qaroriga muvofiq, IT-Park rezidentlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5099-sonli farmonida nazarda tutilgan imtiyozlar taqdim etiladi, xususan, rezidentlar 2028-yil 1-yanvargacha boʻlgan davr davomida oʻz ehtiyojlari uchun chetdan olib kiradigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar, uzellar, texnik hujjatlar, dasturiy taʼminotlar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilingan.

Bojxona imtiyozlarini olish uchun rezident Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlarning roʻyxatini mustaqil ravishda tuzishi va “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK (Markaz)ga har tomonlama ekspetizadan oʻtkazish uchun olib kelishi kerak.

Bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar Markazning ijobiy xulosasini olgan kundan boshlab amal qiladi.

2020-02-17