IT Park tomonidan Cambridge International University bilan hamkorlikda “Millat umidi” jamg‘armasi ko‘magida 16 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida xakaton tashkil etilib, tadbir 3-5 iyun kunlari “Cambridge Coding Festival” doirasida bo‘lib o‘tmoqda.
Xakaton musobaqasida ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda cheklangan vaqt davomida startap-loyiha yoki mahsulot prototipini yaratishi ko‘zda tutilgan. Ushbu xakaton alohida yo‘nalishlarga ega emas. Jamoalar esa 72 soat ichida IT-yechim uchun muvofiq MVP ishlab chiqishlari lozim.
Musobaqa mukofot jamg‘armasi – 100 000 000 so‘m. Unda ishtirok etish uchun respublika bo‘yicha 350 dan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, ishtirokchilar 3-5 kishidan iborat jamoalarga bo‘lingan.
Xakaton davomida yosh mutaxassislar mentorlardan ko‘mak olish, taqdimot bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda startap loyihalarini ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi. Qolaversa, ushbu maydon hamfikrlar bilan uchrashish, o‘zaro fikr almashish va kelajakda IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tash yoki shunday kompaniyalarga ishga joylashish uchun ajoyib imkoniyat hamdir.
2022-06-03