IT Park Uzbekistan’da birinchi korporativ AI-hakaton boshlandi

13-avgust kuni IT Park Uzbekistan’da tashkilot tarixidagi ilk korporativ AI-hakaton o‘tkazildi. Unda markaziy ofis, mintaqaviy filiallar va quyi tuzilmalardan 270 nafar xodim ishtirok etdi. Tadbirning maqsadi ichki biznes jarayonlarini takomillashtirish uchun innovatsion AI yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. 

Tantanali ochilish marosimi IT Park Kongress-zalida bo‘lib o‘tdi. Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos qutlov so‘zi bilan chiqish qildi. U sun’iy intellektni davlat va xususiy tuzilmalarga joriy etishning strategik ahamiyatini ta’kidladi.

IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov jamoa tuzish va texnologik musobaqani uyg‘unlashtirgan formatning noyobligini qayd etdi.

Sun’iy intellekt va startaplar sohasidagi yetakchi mutaxassislar Usmon Rahimjonov va Artyom Panferov sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha jahon tendensiyalari va amaliy misollar bilan o‘rtoqlashdilar. Ular IT Park xodimlariga gipotezalarni tekshirish uchun H.A.D.I. sikllari, shuningdek, agent dasturlash imkoniyatlarini namoyish etdilar.

Birinchi kuni jamoalar baholashning maqsadlari, qoidalari va mezonlari bilan tanishdilar, mentorlar — rezident kompaniyalar vakillari va soha mutaxassislari bilan uchrashdilar, hamda o‘z loyihalarining g‘oyalarini shakllantirishga kirishdilar. Mavzular asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi: HR-jarayonlarini avtomatlashtirish, buxgalteriya hisobini optimallashtirish, hujjat aylanishini yaxshilash, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va boshqa ko‘plab masalalar.

“Realsoft”, “AI lab”, “EPAM”, “IMPACT” kompaniyalaridan sun’iy intellekt sohasidagi 15 nafar mutaxassis mentorlik qildi. Mentorlar ishtirokchilarga ham texnik, ham konseptual masalalarda yordam berib, loyihalarni amaliy qiymat va joriy etishga tayyorlik tomon yo‘naltirib, muhim rol o‘ynadilar. Birinchi kun jamoalarning yuqori darajadagi ishtiroki va aniq natijaga intilishini ko‘rsatdi.

Bugun va ertaga mavzuli seminarlar o‘tkaziladi, 16-avgust kuni esa final bo‘lib o‘tadi. Unda jamoalar o‘z yechimlarini hakamlar hay’atiga taqdim etadilar va g‘oliblar aniqlanadi.

IT Park Uzbekistan o‘z mutaxassislarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va tashkilot ichida innovatsiyalar madaniyatini shakllantirish uchun imkoniyatlar yaratishda davom etmoqda.

2025-08-14