“Dubai AI Week 2025” doirasida Xalqaro marketing bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva boshchiligidagi IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro aloqalarni mustahkamlash, eksport salohiyatini rivojlantirish va qo‘shma innovatsion loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi. Dubay yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, pilot tashabbuslarni amalga oshirish va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi rivojlanib borayotgan IT-hab sifatidagi nufuzini oshirish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi.
DIFC: sun’iy intellekt, innovatsion tadbirkorlik va GameDev autsorsingi
Dunyoning yetakchi moliyaviy markazlaridan biri bo‘lgan “Dubai International Financial Centre” bilan sun’iy intellekt va startaplar uchun ta’lim dasturlari sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Asosiy tashabbuslar orasida: “AI Academy DIFC” negizida sun’iy intellekt kurslarini ishga tushirish; “Ignyte” platformasi ishtirokida “Innovatsion tadbirkorlik” ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish; GameDev sohasida korporativ akselerator yaratish va autsorsingni rivojlantirish.
Memorandum imzolanishi va birinchi qo‘shma tadbir O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilmoqda.
Kelajak shu yerdan boshlanadi: BAA hukumat tuzilmalari bilan uchrashuvlar
Hukumatni rivojlantirish va kelajak vazirligi bilan davlat xizmatlarini raqamlashtirish, yashil texnologiyalarni targ‘ib qilish va kelajakka yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.
Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy bandlik vazirligi bilan o‘zbekistonlik sun’iy intellekt startaplari uchun qo‘shma butkemp o‘tkazish taklif etildi. Bu ilg‘or yechimlarni joriy etish va BAA bozoriga chiqish uchun amaliy platforma yaratishga qaratilgan.
“Digital Dubai” vakillari bilan uchrashuvda startaplarni rivojlantirish, tajriba almashish hamda O‘zbekiston jamoalarini raqamli loyihalarga jalb etish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar muhokama qilindi. Xususan, akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, autsorsing xizmatlarini rivojlantirish, raqamli transformatsiya va Aqlli shahar boshqaruvi bo‘yicha maslahatlar berish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston texnologik biznes xaritasida: vakolatxonalar ochilishi va yangi bozorlarga chiqish
Bir qator xalqaro kompaniyalar o‘z faoliyatini O‘zbekiston bozorida kengaytirishga qiziqish bildirdilar. “OTT Arabia” mamlakatda ofis ochish va IoT-yechimlarini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. “AI People” filial ochish va ta’lim tashabbuslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. “Qorden” o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun AQSh bozoriga chiqishda strategik ko‘mak taklif qilmoqda. “VP of Partnerships” jamoalarni mahalliylashtirish va xalqaro ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Ta’lim va investitsiyalar
“Polynoma”, “Perform Bya” va “AI People” kompaniyalari IT Park rezidentlari uchun AI, Data Science, kompyuter ko‘rish texnologiyalari bo‘yicha seminar va treninglar, mentorlik sessiyalari va texnik mahorat darslari orqali O‘zbekistonda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi iste’dodlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. “Truleum Venture Partners”, “Mettiz Capital” va “VP of Partnerships” jamg‘armalari o‘z navbatida, akseleratsiya va investitsiya dasturlarini ishga tushirish, pitch-sessiyalar va forumlar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Tashrif natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston xalqaro texnologik hamkorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda. Imzolangan kelishuvlar, ta’lim va akseleratsiya tashabbuslari, shuningdek, investorlarning ortib borayotgan qiziqishi startaplarni kengaytirish, IT-xizmatlar eksportini oshirish va O‘zbekistonning mintaqadagi strategik IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun imkoniyatlar yaratmoqda.
2025-04-28