IT Park Uzbekistan va IT Park Dushanbe: IT sohasida hamkorlikning yangi bosqichi

2024-yil 6-sentyabr kuni IT Park Uzbekistan jamoasi “IT Park Dushanbe” direktori Temur Hisamutdinov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvning asosiy maqsadi IT-sanoatni mintaqaviy darajada birgalikda yanada rivojlantirish uchun tajriba almashish va sheriklik aloqalarini mustahkamlashdan iborat edi.

Bosh direktor oʻrinbosarlari Jahongir Rajabov va Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan jamoasi mehmonlarga texnoparkning tashkil etilishi tarixi, uning rivojlanishi va muvaffaqiyatning asosiy omili boʻlgan davlat qoʻllab-quvvatlashi haqida batafsil maʼlumot berdi. IT Park Uzbekistan rezidentlariga biznesni kengaytirish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan imtiyoz va preferensiyalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, Tojikiston delegatsiyasiga “Zero Risk”, “Local2Global” va “Softlanding” dasturlari taqdim etildi. Ushbu dasturlar tufayli IT-kompaniyalar ham davlat, ham IT Park Uzbekistan tomonidan sezilarli darajada qoʻllab-quvvatlanmoqda va Oʻzbekiston bozorida integratsiyalashuv jarayoni osonlashmoqda.

Bundan tashqari, “IT Park Dushanbe” vakillari startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrgandilar. Mehmonlarga yosh kompaniyalarning ishonchli rivojlanishiga imkon beradigan akseleratsiya, mentorlik va moliyalashtirishning samarali mexanizmlari namoyish etildi.

Uchrashuvning muhim jihati mamlakatda IT-taʼlim darajasini oshirishda muhim rol oʻynagan “One Million Uzbek Coders” loyihasining ahamiyati muhokama qilindi. Bu loyiha Oʻzbekistonning xalqaro bozorda ishlashga qodir malakali IT-mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Uchrashuv ishtirokchilari taʼlim dasturlari qamrovini kengaytirish muhimligini taʼkidladilar. Hozirgi vaqtda texnoparkning mamlakat kadrlar salohiyatini professional rivojlantirishga faol jalb etilishi tufayli IT Park Uzbekistanning hududlardagi rezident kompaniyalarida 7000 dan ortiq yosh isteʼdodlar muvaffaqiyatli ish bilan taʼminlangan.

Keyingi bosqichda ikki texnopark oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun asos boʻlib xizmat qiladigan oʻzaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolanadi. IT Park Uzbekistan Dushanbedagi hamkasblariga har tomonlama koʻmak berishga, Tojikistonning IT-sanoatini rivojlantirishda ekspertiza va yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv Oʻzbekiston va Tojikistonda IT-sohasini birgalikda rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirish va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash boʻyicha oʻzaro kelishuv bilan yakunlandi. Ushbu tashabbus butun mintaqaning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, Markaziy Osiyoning IT va autsorsing sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

2024-09-09