IT Park Uzbekistan va Launchese startaplarni akseleratsiya qilish va xalqaro miqyosda kengaytirish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston startap ekotizimini xalqaro darajaga olib chiqish doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Anvar Rizayev va IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maqsudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning “Launchese” kompaniyasi bosh direktori Uygar Turantekin bilan uchrashdi. Tomonlar uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha strategik hamkorlikni muhokama qildilar: startaplarni Buyuk Britaniya va AQSh bozorlariga olib chiqish, xalqaro startaplar va mentorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, startaplarning akseleratsiya va inkubatsiya daturlarda ishtirok etish imkoniyatlari.

Launchese — Buyuk Britaniya norezidentlariga Buyuk Britaniya va AQShda onlayn biznesni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun to‘liq xizmatlar majmuasini taqdim etuvchi platforma. Kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazish, hisob raqami ochish, soliqqa tortish, huquqiy qo‘llab-quvvatlash va o‘qitishda mijozlarga yordam beradi, shuningdek, mentorlar, tadbirkorlar va ekspertlarning keng xalqaro hamjamiyatini rivojlantiradi.

Asosiy kelishuvlar

O‘zbekistondagi startaplarni Buyuk Britaniya va AQSh bozorlariga olib chiqish. “Launchese” tadbirkorlarni xorijiy bozorlarga chiqishning har bir bosqichida qo‘llab-quvvatlash tajribasiga ega va bu tajribani o‘zbek loyihalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor.

“Launchese” tarmog‘idan xalqaro startaplar, mentorlar va murabbiylarni O‘zbekistonga jalb qilish. Mahalliy ekotizimni mustahkamlash maqsadida o‘zaro tadbirlar, ta’lim dasturlari va mentorlik almashinuvi istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekistondagi startaplarni akseleratsiya, inkubatsiya qilish va kuzatib borish. “Launchese” xalqaro miqyosda startaplarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yaratish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

IT Park vakillari uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston startap ekotizimi, jumladan, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari, infratuzilma va institutsional imkoniyatlar, shuningdek, IT Park rezidentligini olish shartlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Enterprise Uzbekistan” — Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Uning doirasida ingliz huquqi elementlarini o‘z ichiga olgan maxsus huquqiy rejimga ega alohida hudud tashkil etilmoqda. Mazkur tashabbus “Launchese” tomonidan xalqaro kompaniyalarning mamlakatga kirishini osonlashtirish vositalaridan biri sifatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, kompaniya ikki muhim tadbirda — 2025-yil iyun oyida BMT bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan forumda va iyul oyida bo‘lib o‘tadigan “GBS Forum” tadbirida ishtirok etishga taklif qilindi. Ushbu tadbirlar hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro aloqalarni kengaytirish uchun platforma vazifasini bajarishi kutilmoqda.

“Launchese” bilan hamkorlik O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi va mahalliy loyihalarni global bozorlarga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. IT Park mahalliy startaplar va xalqaro ekspertlar, akseleratorlar hamda investorlar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlashni davom ettiradi.

2025-05-29