Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Markaziy Osiyo bo‘yicha sotuvlar bo‘limi rahbari Kurshad Demiray boshchiligidagi “Palo Alto Networks” delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, “Palo Alto Networks” yechimlarini moslashtirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistonda BPO/reseller-modellarining istiqbollarini ko‘rib chiqish uchun IT Park ekotizimidagi kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Palo Alto Networks — kiberxavfsizlik sohasidagi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri. 2005-yilda asos solingan bo‘lib, bosh qarorgohi Santa Klara shahrida (AQSh) joylashgan. Kompaniyada 14 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi, yillik daromadi esa 7,5 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi. “Palo Alto Networks” butun dunyo bo‘ylab, jumladan Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda 80 dan ortiq ofislarga ega va tarmoqlar, bulutli texnologiyalar hamda yakuniy qurilmalarni himoya qilish bo‘yicha yechimlarni taklif etadi.
Muzokaralar davomida IT Park xalqaro hamkorlar uchun qulayliklarni taqdim etdi: rezidentlarning soliqlardan to‘liq ozod qilinishi, bepul ofis maydonlari, IT-vizalar va ko‘p tilli kadrlardan foydalanish imkoniyati. Shuningdek, tarmoq yetakchilarining yechimlari hukumat bulutli xizmatlari va raqamli infratuzilmani himoya qilish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari, hamda mahalliy muhandislarni o‘qitish va malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston kompaniyalari “Palo Alto Networks” kompaniyasiga o‘z yechimlarini qo‘llab-quvvatlash va moslashtirishda yordam berishi, shuningdek, autsorsing, kompaniya yechimlarini rivojlantirish va MDH bozorlarida ilgari surish orqali hamkorlik modellarini ko‘rib chiqishi mumkinligini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, “Palo Alto Networks” MDH mamlakatlari uchun bosh qarorgohini aynan O‘zbekistonda joylashtirish masalasini muhokama qilishdan manfaatdorligini bildirdi. Bu yerdan kompaniya o‘z mahsulotlarini eksport qilishi va mintaqada xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
“Palo Alto Networks” bilan hamkorlik IT Parkning global texnologik kompaniyalar uchun O‘zbekistonga kirish nuqtasi sifatidagi rolini mustahkamlaydi, mahalliy xizmatlar bozori imkoniyatlarini kengaytiradi va AKT sohasida tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali “Raqamli O‘zbekiston – 2030” maqsadlariga erishishni tezlashtiradi.
2025-09-22