IT Park Uzbekistan va Telc nemis tilini o‘qitish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Germaniyaning Bad-Xomburg shahrida joylashgan “Telc” kompaniyasi ofisida IT Park Uzbekistan va “Telc Deutschland” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda IT Park Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov va IT Parkning Germaniyadagi vakolatxonasi rahbari Vsevolod Li ishtirok etdi. Suhbatga Toshkentdan IT Park xodimlari ham onlayn tarzda qo‘shildi. “Telc” kompaniyasi tomonidan muhokamada Janubiy Osiyoda xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha rahbar Bruno Karlesso va ta’lim media bo‘yicha maslahatchi Kristof Brey qatnashdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor Yevropa bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun nemis tilida so‘zlashuvchi o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlashga qaratildi. Nemis tilini biladigan IT-mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib borayotgani bois, IT Park C1 darajasiga erishishga mo‘ljallangan jadal ta’lim dasturiga ega til maktabini ochish niyatini bildirdi.

Muhokama davomida tomonlar o‘zbekistonlik IT-mutaxassislar uchun nemis tilini o‘rganishga mo‘ljallangan tizimli platforma yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. “Telc”, o‘z navbatida, uslubiy va sertifikatlash hamkori vazifasini bajarishga tayyor ekanligini bildirdi. Tashabbus doirasida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchilarni tayyorlash va bilimlarni baholashning xalqaro standartlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Yevropada tan olingan sertifikatlash tashkiloti bo‘lgan “Telc” o‘qituvchilarni o‘qitish, o‘quv materiallarini taqdim etish va imtihonlarni tashkil etishda ko‘maklashishni taklif qildi. Mutaxassislarni tayyorlash sifatiga alohida e’tibor qaratildi: kurslar jadal bo‘lishi, ilg‘or darajalarda o‘qitish uchun esa til egalari jalb qilinishi zarur.

Tomonlar til maktabini tashkil etish imkoniyatini o‘rganishga, jumladan, konsepsiya, o‘qituvchilarni tanlash mezonlari va ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Ushbu loyiha O‘zbekiston IT-sanoatining eksport salohiyatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, mutaxassislarga nemis tilida so‘zlashuvchi bozorlarda erkin faoliyat yuritish imkonini beradi. Shuningdek, u o‘zbek yoshlarining sifatli ta’lim olishiga, o‘zbek kadrlarining raqobatbardoshligini oshirishi va ularni yirik xalqaro tashkilotlarga ishga joylashtirishga yordam beradi, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

2025-03-07