Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov ishtirokida, xalqaro ko‘rgazmada qatnashdi va Shanxayning yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
MWC Shanghai 2025: yangi texnologik aloqalar uchun asosiy maydon
MWC Shanghai 2025 — 37 000 dan ortiq ishtirokchi va 300 dan ziyod ko‘rgazmachini jamlagan raqamli yechimlar, telekommunikatsiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro ko‘rgazma.
Ko‘rgazma doirasida IT Park delegatsiyasi 70 dan ortiq xalqaro kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekistonning autsorsing loyihalarini joylashtirish, mintaqaviy ofislarni tashkil etish va MDH hamda Yevropa bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyatlarini taqdim etdi.
Asosiy uchrashuvlar orasida “FiRoam”, “Shenzhen Newtion Technology”, “FRS”, “FCTel”, “Newalink”, “King Base”, “AsiaInfo” va “InfoQuick” kompaniyalari bilan muzokaralarni alohida ta’kidlash mumkin. Ushbu kompaniyalarning bir qanchasi O‘zbekistonning salohiyati va taqdim etilayotgan imtiyozlarni batafsil o‘rganishga qiziqish bildirdi. Jumladan, “Shenzhen Newtion Technology” mamlakatni yangi bozorlarga chiqish uchun strategik nuqta sifatida baholasa, “FRS” va “Newalink” loyihalarni ishga tushirish va mintaqaviy markazlarni ochish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
“Foxit” O‘zbekistonni mintaqaviy markaz sifatida ko‘rib chiqmoqda
Tashrif davomida delegatsiya “Foxit” vitse-prezidenti Jang Lung bilan uchrashdi. “Foxit” rahbariyati O‘zbekistonda mintaqaviy ofis ochish va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Global Business Services Forum” (GBSF)da ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirdi.
Foxit — PDF-hujjatlar bilan ishlash uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish va raqamli transformatsiya bo‘yicha yetakchi kompaniya. Kompaniya yechimlari butun dunyo bo‘ylab 780 milliondan ortiq foydalanuvchilar, jumladan, xususiy mijozlar, biznes va davlat idoralari tomonidan qo‘llaniladi.
Homestyler: MDH bozorlariga chiqish orqali Markaziy Osiyodagi faoliyatni kengaytirish
Shuningdek, “Homestyler” kompaniyasi bosh direktori Su Min bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hozirda kompaniya rahbariyati mintaqadagi faoliyatini kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Homestyler — Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyasi bo‘lib, obuna modeli bo‘yicha 3D interyer dizayni uchun bulutli platformani taqdim etadi. Xizmat foydalanuvchilarga — dizaynerlar va arxitektorlardan tortib oddiy iste’molchilargacha — onlayn rejimda xonalarning fotorealistik loyihalarini yaratish imkonini beradi. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab 17 million, shuningdek, MDH mamlakatlarida 1 million mijozga ega.
XNode: startaplar va innovatsion almashinuvni qo‘llab-quvvatlash
Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan vakillari “XNode” vitse-prezidenti Ley Nyu bilan uchrashuv o‘tkazdilar, unda Shanxayda “Astana Hub” ishtirokida qo‘shma innovatsion markaz yaratish rejalari muhokama qilindi. Tashabbus o‘zbek startaplarining Xitoy bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Xitoy texnologiya kompaniyalarini hamkorlikka jalb qilish va O‘zbekistonda autsorsing loyihalarini joylashtirishga qaratilgan.
XNode — startaplarni tezlashtirish va korporativ innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan Xitoyning yetakchi innovatsion markazlaridan biri. Kompaniya xalqaro hamkorlar va texnologik korporatsiyalar bilan hamkorlik qilib, texnologik loyihalarning rivojlanishi uchun ekotizim yaratmoqda.
Tashrif yakunida bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov O‘zbekistonning Shanxaydagi konsuli Sherzod Narzullayev bilan uchrashdi. Suhbat davomida u IT Park tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida dolzarb ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Xitoyga tashrif xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonga texnologik investitsiyalarni jalb qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Yetakchi kompaniya va institutlar bilan o‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan yuqori qiziqishni namoyon etdi hamda raqamli yechimlar, autsorsing va startap innovatsiyalari sohasidagi kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab berdi.
2025-06-23