O‘zbekiston delegatsiyasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova boshchiligida Yaponiyaga ish tashrifi bilan bordi. Tashrifning asosiy maqsadi IT-autsorsing, texnologiyalar va raqamli ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Tokioda IT Park’ning rasmiy vakolatxonasini ochishdan iborat edi.
Tashrifning eng muhim qismi 13-may kuni Tokioning Akixabara shahrida — texnologik va ijodiy sanoat markazida IT Park Uzbekistan’ning Yaponiyadagi vakolatxonasining rasmiy ochilishi bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsin Abdurahmonov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova va “Digital Knowledge” direktorlar kengashi raisi Xiroaki Xaga ishtirok etdilar. Yangi ofis yapon biznesi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish nuqtasiga aylanadi va autsorsing, investitsiyalar hamda IT-ta’lim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Digital Knowledge: ta’lim sohasidagi hamkorlik
Tadbir doirasida IT Park va “Digital Knowledge” o‘rtasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, yapon kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish va ta’lim dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
“Digital Knowledge” 2007-yilda tashkil etilgan. Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari IT-xizmatlar, IT-ta’lim va kompaniyalarni IT-mutaxassislar bilan ta’minlashdan iborat. “Digital Knowledge” O‘zbekistondagi “Japan Digital University” asoschisi bo‘lib, hozirda u yerda 620 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular nafaqat IT-yo‘nalishlarini o‘zlashtirmoqda, balki shu bilan birga yapon tilini ham o‘rganyapti.
Marosimning yakuniy qismi “Trusted Corporation”, “Agekke”, “JETRO” va “Toppan Digital” kabi kompaniyalar ishtirokidagi panel sessiyasi bo‘lib, unda O‘zbekiston va Yaponiya IT-kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yaponiyalik ishtirokchilarning yuqori qiziqishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda texnologik rivojlanishning yangi markazi sifatidagi strategik ahamiyatini tasdiqladi.
2025-05-14