IT-Park va Inha universiteti oʻrtasida xalqaro va milliy kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

2019-yil 13-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida davra suhbati boʻlib oʻtdi, uning doirasida Oʻzbekistonda toʻliq koʻlamdagi IT-ekotizimni yaratish va netvorkingni kengaytirish boʻyicha IT-sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.


Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuxrat Sodiqov, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov, IT-Park bosh direktori Farhod Ibragimov, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori vasifasini bajaruvchi Muzaffar Jalolov, shuningdek Huawei, KT, UZBEKTELECOM, UMS, UCELL, BELINE, ZTE, RWC va shu kabi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.


Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov taʼkidlaganidek: “Bugungi kunda 300 nafar mutaxassisga ega rezident-kompaniyalar, shuningdek akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish uchun elektron tijorat, sunʼiy intellekt, IT-taʼlim, moliyaviy va tibbiy texnologiyalar yoʻnalishlari boʻyicha tuzilgan dastlabki 15ʼta startap-tashabbus joylashgan, umumiy maydoni 2800 kv.m. boʻlgan birinchi IT-Park binosini rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha ishlar yakunlandi”.


 “IT-Park – bu mamlakatda IT sohasini rivojlantirish, jumladan IT-taʼlim va IT sohasiga sarmoyalarni jalb qilish uchun javob beradigan yangi tashkil etilgan korxona. IT-Park majmuasida nafaqat mamlakatning barcha IT-hamjamiyatini, balki butun Markaziy Osiyo IT-hamjamiyatlarini jamlash kutilmoqda. Xalqaro darajaga mos keladigan yuqori texnologiyali majmuani yaratish uchun IT-infratuzilmani rivojlantirish masalasiga eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilmoqda”, – dedi IT-Park bosh direktori Faroxod Ibragimov.


Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar IT sohasida dinamik hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga va IT-infratuzilmasi sohasida sheriklik aloqalarini kengaytirishga kelishib oldilar.

2019-11-15