IT Park vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi uchrashuvi

2020-yilning 7-avgust kunida IT Park vakillari Oʻzbekiston venchur investitsiyalar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi Favqullodda va muxtor elchisi, EI va NATO qoshidagi Missiya boshligʻi bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar IT Park hamda Oʻzbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi faoliyati bilan tanishdilar, istiqboldagi hamkorlik va loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Oʻzbekistonda IT xizmatlarni eksport qilishni qoʻllab-quvvatlash doirasida, Belgiya bozorida milliy mahsulotlarni rivojlantirish maqsadida Yevropada yashovchi vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Qolaversa, Elchixona IT Parkʼga Belgiya Qirolligida oʻz filialini ochishga va xorijiy kompaniyalarni IT Park rezidenti boʻlish uchun Oʻzbekiston Respublikasida filial ochishga jalb qilishda amaliy yordam beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Yevropa mamlakatlari aholisining Oʻzbekiston Respublikasi IT sanoati haqida xabardorlik darajasini oshirish va axborot texnologiyalari sohasidagi yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qilishda koʻmaklashish, mahalliy kompaniyalar IT xizmatlarining eksport hajmini oshirish yoʻlida Yevropa kompaniyalarini jalb qilish boʻyicha oʻzaro kelishib oldilar.




 

2020-08-18