IT Park vakillari Huawei Tech Carnivalʼda IT imkoniyatlari haqida gapirib berishdi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Olmaotada bo‘lib o‘tayotgan “Huawei Tech Carnival 2023” forumida qatnashmoqda. Tadbir ilgʻor ishlanmalarni o‘rganish va raqamli hamkorlikning kelajagini muhokama qilish uchun soha ekspertlari, fikr yetakchilari va hukumat vakillarini birlashtirdi.

Tashrif turli mamlakatlarning yetakchi IT kompaniyalari bilan uchrashish, hamkorlik istiqbollarini o‘rganish, shuningdek, mamlakat va IT Parkʼning Markaziy Osiyodagi eng yirik IT-xab sifatida salohiyatini namoyish etish imkoniyati bo‘ldi.

Forum doirasida IT Park jamoasi Qozog‘iston va xorijiy kompaniyalarga tashkilot faoliyati haqida ma’lumot berdi. Xususan, IT-kompaniyalarga Oʻzbekiston hududida imtiyozlar va preferensiyalardan foydalangan holda biznes yuritish imkonini beruvchi relokatsiya dasturi hamda rezidentlik dasturi haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, IT Park Uzbekistan xodimlari mamlakatda IT-taʼlimning rivojlanishi haqida gapirib, ITPU va IT-Markazlar faoliyatini taqdim etishdi hamda taʼlim rezidentlari uchun imtiyozlar, IT Bilim loyihasi va Coursera platformasi haqida soʻzlab berishdi. Delegatsiya aʼzolari ushbu loyihalar yoshlarga IT sohasida munosib taʼlim olishda qanday yordam berayotgani haqida gapirib, oʻquv dasturlari sifati va mehnat bozori oʻzaro taʼsirini yaxshilash uchun biznes va taʼlim qanday uygʻunlashganini aytib oʻtishdi.

Olmaotadagi Tech Carnival doirasida Huawei kompaniyasi Qozog‘iston, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa ko‘plab mamlakatlardan 480 dan ortiq mijozlar va hamkorlarni jalb etgan Huawei Network Summit (HNS)ni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Huawei oltita inqilobiy innovatsiyalarni namoyish etdi, shuningdek, HPC Lossless Ethernet va AI Fabric Network Technical White Paperʼni chiqarish uchun Qozogʻistonning IEEE boʻlimi bilan kuchlarni birlashtirdi.

2023-06-07