IT-Park Varshavada boʻlib oʻtgan “Perspektywy Women in Tech Summit 2019” tadbirida ishtirok etdi

2019-yil 13-14-noyabr kunlari Polshaning Varshava shahrida Yevropadagi eng yirik tadbirlardan biri – texnologik sohada ayollarning rolini oshirishga bagʻishlangan “Perspektywy Women Tech Summit 2019” tadbiri boʻlib oʻtdi.


Sammitda dunyoning turli burchaklaridan 3000 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbir dasturi maksimal darajada samarali va foydali tashkil etildi: yuqori texnologiyalar va tadbirkorlik sohasidagi eng dolzarb mavzularda davra suhbatlari, IT sohasidagi ayollarning koʻnikmalarini rivojlantirish, yangi bilimlarni egallashlari va qiziqishlarini oshirishga bagʻishlangan seminarlar, shuningdek, yosh qizlarning bu sohada muvaffaqiyatga erishgan ayollar bilan suhbatlashishlari va oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishlari imkoniyatini yaratgan “mentoring zone” tashkil etildi.

Aloqalarni kengaytirish va nufuzini xalqaro miqyosda mustahkamlash uchun IT-Park ham sammitda faol ishtirok etdi. 13-noyabr kuni ayollar tomonidan yaratilgan IT-startaplarni inkubatsiya va akseleratsiya qilish boʻyicha YEXHT bilan qoʻshma loyihaning ishga tushirilishiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

Taqdimotning asosiy vazifasi hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro miqyosdagi texnologiyalar kompaniyalarini mazkur loyihani birgalikda amalga oshirishga jalb qilish maqsadida texnologiyalar sohasidagi asosiy kompaniyalarni loyihaning maqsad va vazifalari bilan tanishtirish boʻldi.


Shuni taʼkidlash kerakki, Sammitning har bir ishtirokchisi koʻplab seminarlar, davra suhbatlari va koʻrgazmalaridan eng qiziqarlilarini tanlab olish va ularda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan tashqari, sammitda koʻrgazma zonasi tashkil etilgan boʻlib, unda ishtirokchilar yuqori texnologiyalar sohasidagi yetakchi kompaniyalar haqida maʼlumot olishlari va hatto ishga joylashishlari mumkin edi.

2019-11-16