IT Park yuzi: Umida Odilova — tashqi bozorlarni tahlil va monitoring qilish boʻyicha mutaxassis

Sizni jamoamiz bilan “IT Park yuzi” doimiy ruknida tanishtirishda davom etamiz. Yangi sonda investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimining tashqi bozorlarda rivojlanish boʻyicha bosh menejeri, 22 yoshli Umida Odilovani taqdim etamiz.

Umida Oʻzbekistondagi Webster universitetini “Iqtisodiyot” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Bakalavriatda oʻqish davomida u ikki semestrni almashinuv dasturida oʻtkazdi: biri Seuldagi Korea University, ikkinchisi Avstriyaning Vena shahridagi Webster filialida.

Qanday qilib IT Parkka kelib qoldingiz?

Men BMTTD loyihalaridan birida shartnoma asosida ishlaganman. Shartnoma tugashi bilan boshligʻim oʻzidan tavsiyanoma qoʻshib, rezyumeimni turli tashkilot rahbarlariga yubordi. Ertasi kuni menga IT Parkʼdan qoʻngʻiroq qilishdi va suhbatga taklif qilishdi.

Shunday qilib, 2022-yilda men jamoaga amaliyotchi sifatida qoʻshildim. Taxminan bir oy oʻtgach, meni tashqi bozorlarni tahlil va monitoring qilish boʻyicha bosh mutaxassis lavozimiga ishga qabul qilishdi. Tugʻilgan kunimda rasman IT Park xodimi boʻldim. Qizigʻi shundaki, agar HR menejeri menga bir kun kechroq qoʻngʻiroq qilganida, hozir IT Park muhitini bilmasdan konsalting kompaniyasi yoki xalqaro loyihada ishlagan boʻlardim.

Nega aynan IT Park?

Men uchun IT Park — cheksiz energiya manbai. Menga tashkilot muhiti yoqadi. Bu yerda yosh jamoa va ijodiy fikrlash hammasidan koʻproq qadrlanadi. Men imkon qadar koʻproq loyihalarni amalga oshirayotgan jamoamizni juda yaxshi koʻraman.

Rahbariyat har doim xodimlarning gʻoyalari va mustaqil fikrlashlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzim rahbarlik qilayotgan koʻplab loyihalar men tomondan taklif qilingan va rahbariyat tomonidan tasdiqlangan.

Majburiyatlar haqida

Xalqaro boʻlim — bu bizning xorijiy hamkorlarimiz uchrashadigan birinchi odamlar. Bizning ishimiz nafaqat IT Park haqidagi taassurotga, balki butun Oʻzbekistonning IT sohasi haqidagi fikrga ham taʼsir qiladi. Uchrashuvga qanchalik yaxshi tayyorgarlik koʻrsam, xorijiy kompaniyalar koʻz oʻngida shunchalik ijobiy gavdalanamiz va ular bizga koʻproq imkoniyatlar yaratadi.

Mening asosiy faoliyatim xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalarni oʻrnatishdan iborat. Buning uchun men tashkilotlarning oʻzini, ularning moliyaviy ahvolini, siyosiy va madaniy xususiyatlarini, shuningdek, oʻz mamlakatlaridagi IT bozorining oʻziga xosligini oʻrganaman. Shundan soʻng biz takliflar ishlab chiqamiz va hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib boramiz. Shartnomalar imzolangach, men ushbu loyihalar bilan shugʻullanaman.

Mening hisobimda bir nechta muvaffaqiyatli amalga oshirilgan grant loyihalari, oʻnlab xizmat safarlari va tadbirlarni tashkil etish, shuningdek yuzdan ortiq xorijiy kompaniyalar vakillari bilan shaxsiy uchrashuvlar mavjud. Agar mamlakatlar haqida gapiradigan boʻlsak, asosan Osiyo mintaqasi — Koreya, Xitoy, Yaponiya, Singapur bilan ishlayman.

Ishdagi kulgili lahzalar haqida

Menga turli mamlakatlar aholisining qanday murojaat qilishlari yoqadi. Masalan, yaponlar meni Umida-san, koreyslar Umida-nim deb atashadi, amerikaliklar esa ismimni “Yumida” yoki hatto “Umayda” deb oʻqiydilar.

Koʻpincha menga “mister Umida” deb murojaat qilishadi. Gap shundaki, biz dastlab xorijiy kompaniyalar bilan pochta orqali yozishmalar olib boramiz. Shuning uchun, koʻplab hamkorlar mamlakatga kelishdan va shaxsan uchrashishdan oldin mening tashqi koʻrinishimni tasavvur ham qila olmaydilar.

Oʻzbekiston IT-sohasi haqida qanday fikrdasiz?

Chet el texnoparklari va kompaniyalari bilan tez-tez muloqot qilaman. Tajriba almashamiz, mamlakatlarimizdagi rivojlanish surʼati va sharoitlari haqida gaplashamiz.

Oʻylaymanki, Oʻzbekiston dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan IT-sohalaridan biriga ega. Bizning sohamiz boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda hali ham kichik boʻlishi mumkin, ammo uning oʻsish surʼatlari hayratlanarli.

IT sohasini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashda davom etish, startaplar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Xobbi haqida

Bolaligimdan rasm chizishga qiziqaman. Boʻsh vaqtim kamroq boʻlsa-da, har doim boʻyoq choʻtkalarini qoʻlga olish uchun vaqt va sabablarni topishga harakat qilaman. Hatto ofisda ham, hamma oʻz xonalarini bayramga bezab turganda, men eshik, deraza va shkaflarga guash bilan rasm chizaman.

2023-09-26