Bugun, 2019-yil 21-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi boshchiligidagi delegatsiya IT-Parkga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqov, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov, shuningdek, IT-Park vakillari ishtirok etdilar.
Tashrif davomida Oʻzbekistondagi birinchi IT-Park boʻylab ekskursiya boʻlib oʻtdi, mehmonlar startap loyihalari va Texnopark rezidentlari bilan tanishdilar. Shuningdek, delegatsiya eʼtiboriga IT-Parkning infratuzilmasi boʻyicha kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha taqdim etildi.
Vazir Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi tomonidan “Agromart” loyihasining startap jamoasiga alohida qiziqish boldirildi. “Agromart” – bu qishloq joylardagi fermerlarga sifatli maslahatlar berish uchun IT-yechimlarga ixtisoslashgan portal.
Janob al-Gergavining taʼkidlashicha, bu xususan oʻzbek fermerlari uchun va umuman Oʻzbekiston agrosanoatini rivojlantirish uchun juda foydali loyiha.
2019-11-22